Piskentda ruxsatsiz 24 tup tol daraxti kesilgani aniqlandi

    Daraxtlar ommaviy kesilgani haqida fuqaro videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

    Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi rahbari boshchiligida ishchi guruh tuzilib, joyiga chiqib oʻrganish oʻtkazildi, deya xabar beradi bosh boshqarma axborot xizmati.

    Maʼlum qilishicha, murojaatga koʻra, ishchi guruh tuzilib, zudlik bilan voqea joyiga chiqib oʻrganildi.

    Oʻrganish davomida fuqaro murojaatidagi manzil Piskent tumani “Lolariq” MFY “Yangi zamin” bogʻdorchilik va uzumchilik shirkati hududida joylashgan “Sh.” fermer xoʻjaligiga qarashli boʻlgan maydonning dala chetida oʻsib turgan 24 tup tol hech qanday ruxsatnomasiz kesib tashlangani aniqlangan.

    Mazkur holat boʻyicha fermer xoʻjaligi rahbaridan tushuntirish xati olinib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tabiatga 218 million 566 ming soʻm zarar yetkazilgani hisob-kitob qilingan. Holatga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuboriladi.