Tibbiyot maskanining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi oʻrinbosarlari S.Isaqulov, A.Dehqonov, hokimlik masʼullari, Savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi xodimlari ishtirok etdi.

 

Ikki qavatli binoda joylashgan xususiy tibbiyot muassasasida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida barcha sharoitlar yaratilgan.

-Klinikamizda Germaniyadan keltirilgan 100 ming dollarlik zamonaviy laboratoriya, diagnostika, COVID-19 infeksiyasini aniqlovchi PSR, IFA uskunalari oʻrnatilgan, - deydi muassasa rahbari Azizxon Iskandarov. - Oy soʻngiga qadar yana 100 mln soʻmlik tibbiy jihozlar keltirilishi kutilmoqda.

Tibbiyot markazida ayni vaqtda 12 nafar xodim ish bilan taʼminlandi. Muassasa faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilishi natijasida jami 25 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Klinikada bemorlar ambulator va kunduzgi statsionar sharoitda davolanishlari mumkin. Umumiy quvvati 50 oʻringa moʻljallangan xususiy shifoxonada oddiy, oʻrta va lyuks xonalar tashkil etilishi muljallanmokda. Xar bir xonada televizor, bepul Wi Fi oʻrnatiladi.

 

 

Ayni vaqtda oʻz sohasining 6 nafar tajribali mutaxassislari - kardiolog, endokrinolog, UZI diagnost, ginekolog, otolaringolog singari yuqori malakali shifokorlar ish olib bormoqda.

Butun dunyoda inson salomatligi eng birinchi oʻringa koʻtarilgan va aholining tibbiy xizmatga ehtiyoji tobora ortayotgan bir vaqtda bu kabi xususiy tibbiyot muassasalari soni ortishi aholining sifatli tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyojini qondirishda muhim oʻrin tutadi.