Joriy yil 21-dekabr kuni VI chaqiriq Xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining navbatdagi 36-sessiyasi bo'lib o'tdi. Bu haqida Piskent tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Sessiyada Piskent tumani hokimi Rahimjon Rixsievning 2021-yilda erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari, 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar to'g'risida murojaati tinglandi.  Unda Xalq deputatlari Piskent tumani kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, hokim o'rinbosarlari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

2021-yilning o'tgan davrida amalga oshirilgan ishlar bilan birga yo'l qo'yilgan kamchiliklar to'g'risida atroflicha hisobot berildi, bartaraf etish yuzasidan belgilangan choralar haqida so'z bordi. Shuningdek, tumanda 2022-yilda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosi, yangi ish o'rinlarini tashkil etish orqali aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligini ta'minlash, uy-joylar qurilishi, tuman aholisiga sifatli va arzon oziq-ovqat zahirasini yaratish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “YOshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan olib boriladigan ishlar yuzasidan rejalari ma'lum qilindi.

Ta'kidlanganidek, 2021-yil mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishga turtki bergan yil bo'ldi. Joriy yilda Davlat dasturiga muvofiq, Respublikamizda “Yangi O'zbekiston”ni barpo etish bo'yicha barcha sohalarda islohotlar qat'iy olib borilib, aholining muayyan qatlami o'rtasida kambag'allikni qisqartirish bo'yicha keng qamrovli ishlar olib borildi. Xususan, tumanda “Temir daftar”ga kiritilgan 206 ta oilaga 277 mln.so'mlik, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1054 nafar ayolga 1,1 mlrd. so'mlik, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 262 nafar yoshga 1,2 mlrd. so'mlik yordamlar ko'rsatildi.

Tumandagi har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan individual ishlash natijasida 7,9 ming nafar fuqaroning bandligi ta'minlandi, 10 ming nafardan ortiq fuqaroga tomorqa maydonlari ajratilishi ham qishloq aholisini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda mutlaqo yangi yo'nalishga aylandi.

Bugungi kunda tuman aholisi orasida uy-joyga muhtoj oilalar 1200 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 55 nafari “Ayollar daftari”ga ro'yxatga olingan fuqarolardir. Shuningdek, subsidiya asosida uy-joy ajratish bo'yicha jami 102 nafar fuqarolar tomonidan murojaat kelib tushgan bo'lib, ularning 20 tasi ijobiy xulosa olgan. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 11-martdagi "Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PF-6186-sonli Farmoniga asosan, “G'ayrat” mahallasida na'munaviy loyihalar asosida uy-joy qurish uchun 19 gektar er maydoni ajratib berildi. Ayni vaqtda hududda uy-joyga muhtoj oilalar uchun 8 ta 5 qavatli 1 pod`ezdli 160 ta xonadon qurilmoqda.

Murojaatda mahalliy byudjet harajatlari ham atroflicha tahlil etildi. Hususan, 2021-yil yilning 11 oyi davomida tuman bo'yicha mahalliy byudjet harajatlari qo'ydagilarga yo'naltirilgan:

- Xalq ta'limi sohasi uchun 7 mlrd 275 mln so'm;

- Maktabgacha ta'lim sohasi uchun 4 mlrd 932 mln so'm;

- Sog'liqni saqlash sohasi uchun 42 mlrd 728 mln so'm;

- Ijtimoiy nafaqalar uchun 13 mlrd 672 mln so'm;

- Boshqa sohalar uchun 41mlrd 519 mln so'm.

Sessiya yakunida tuman hokimi R.Rixsiev ommaviy axborot vositalari va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdi. Shuningdek, murojaatnomada aholi bandligi va uy-joy bilan ta'minlash borasida olib borilgan ishlar bo'yicha hududlarga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar amalga oshirilayotgan qurilishlar va yangi loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.