Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova inson oʻzini yaxshi his qilishi va tashqi koʻrinishining koʻrkam boʻlishida ham piyoda yurishni odat qilishi juda muhim, deya taʼkidlaydi.

— Yayov yurganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Yurish ichki organlarga ham taʼsir oʻtkazmay qolmaydi, ularning faoliyatini kuchaytiradi, natijada organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi, — deydi B.Odilova. — Yana bir jihati, u yurak tomirlarini, shuningdek, nafas va asab tizimini mashq qildiradi.

Ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda havo toza boʻladi, kishi kechasi uxlab, dam olgani sababidan charchamasdan 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.

Ishxonadan charchab chiqqaningizdan keyin ham iloji boʻlsa, avtobusga shoshilmang. Yoʻlning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat qilish odamni tinchlantiradi, kishining charchogʻini oladi.

— Piyoda yurishning ham oʻziga yarasha meʼyor va qoidalari mavjud boʻlsa kerak...

— Albatta, piyoda yurishda quyidagilarga ahamiyat berish ayni muddao:

Bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilsangiz, qon bosimingiz meʼyorda boʻladi.

- Tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasangiz, 15 daqiqada 100 kkal.dan xalos boʻlasiz! Mana, sizga ozishning arzon va qulay usuli!

- Asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos boʻlmoqchimisiz? Unda har kuni 20 daqiqagina piyoda yuring. Natija sizni albatta xursand qiladi.

- Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda oʻz-oʻzidan yoʻqolarkan.

Amerikalik olimlar 45 daqiqa davomida marafonda qatnashgan ishtirokchilarning 50 foizi shamollashni yengib oʻtkazishganini taʼkidlashadi. Chunki aynan piyoda yurganimizda mikroblar va viruslar taslim boʻlarkan. Demak, ayni kunlarda sayr qilishni unutmang!

Britaniyalik olimlarning aniqlashicha, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor boʻlisharkan.

Quyidagilarni hisobga olgan holda, piyoda sayr qilishni odatga aylantirish vujudimizdagi koʻplab muammolarga yechim boʻlishini bemalol ayta olamiz.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.