Plastik kartadan asossiz pul echilsa nima qilish kerak?

    AOKAda o'tkazilgan brifingda O'zbekiston banklar assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari Hadiya Abdullaeva shu xususda ma'lumot berdi.  

    Ma'lum qilinishicha, agar plastik kartadan asossiz pul echilgan holat kuzatilsa, darhol plastik karta berilgan tijorat bankiga murojaat qilish kerak. Chunki birinchi navbatda pul qaerda, qanday echilgan degan savolga javob topish kerak.

    Misol uchun bir murojatchining plastik kartasidan 110 000 so'm echib olingan. Ma'lum bo'lishicha, murojaatchi tanishi kredit olayotganda o'z xohishi bilan kafil bo'lgan. Asosiy qarzdor to'lovni o'z vaqtida amalga oshirmagandan keyin murojaatchining plastik kartasidan kredit summasi grafik asosida echib olingan. Biroq plastik kartadan asossiz pul echilgan taqdirda, agar siz umuman kredit olmagan bo'lsangiz, va hech kimga kafil turmagan bo'lsangiz ana undan keyin tegishli huquqni himoya qilish tashkilotlarga murojaat etish kerak.

    Afsuski plastik kartalaridan asossiz pul echib olish holati hozirda ko'p uchramoqda. SHu o'rinda yurtdoshlarimizga eslatib o'tmoqchi edik. Avvalo o'z plastik kartangizning parolini, shuningdek plastik kartangizning 16 raqamli hisob raqamini hech kimga aytmang va bermang. Chunki ba'zan o'zimiz bilmagan holda plastik kartasidan asossiz ravishda pul echib olishga sababchi bo'lib qolamiz.

    Misol uchun bir fuqaro tomonidan kelgan murojaatga to'xtalsak, uning telefoniga SMS kelgan. “Siz palonchi fonddan pul yutug'iga ega bo'ldingiz. Tabriklaymiz. Plastik kartangiz raqamini aytsangiz, pulni tashlab beramiz,” deyishganda. Murojaatchi xursand bo'lganidan o'ylamay plastik karta raqamini bergan. Va tabiiyki, uning plastigidagi summa echib olingan.

    Bunaqa misollar afsuski juda ko'p. Shunday ekan, yana bir bor ta'kidlaymiz bu kabi holatlarga tushmaslik uchun plastik karta raqamini hech kimga bermaslik va ozgina xushyorlik talab etiladi.