баннер
17 Fev 2025
05:21

    Plastik kartalar mahallalar kesimida tarqatiladi

    Ijtimoiy hayot 27 Yanvar 2021 1589

    Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq bankining Andijon viloyati Asaka filialida yuzaga kelgan uzun navbatlar yuzasidan videolavha tarqaldi. Ushbu holat boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar natijasida quyidagilar aniqlandi.

    Bugungi kunda Xalq bankining Asaka filiali tomonidan 14 mingdan ortiq fuqarolarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari toʻlab berilmoqda. Joriy yil yanvar oyida mazkur filial tomonidan 3,5 mingdan ortiq ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari oluvchilarga plastik kartalar ochilgan.

    19-20-yanvar kunlari esa Asaka tumani moliya boʻlimi tomonidan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari moliyalashtirilgan. Ushbu mablagʻlar 3,5 mingdan ortiq fuqarolarning plastik kartalariga oʻtkazilib, ularni tarqatish boshlangan.

    Oʻz plastik kartasini olish uchun yuqoridagi fuqarolarning bir vaqtda bankka kelishi hamda plastik kartalaridagi mablagʻlarni naqdlashtirishga boʻlgan urinishi sababli Xalq banki Asaka filiali oldida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan.

    Hozir fuqarolarga plastik kartalarni tarqatish ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida plastik kartalar mahallalar kesimida tarqatilishi yoʻlga qoʻyildi.

    Bank Axborot xizmati

    Telegram kanalimiz
    Text to speech