Jamiyatning hududlardagi raislari tomonidan taqdim etilgan hisobot- axborotda nogironlar uchun yaratilishi moʻljallangan qoʻshimcha ish oʻrinlari, ishlab chiqarish hajmi, davlat xaridlari yoʻnalishidagi loyihalar hajmi, madaniy-maʼrifiy tashabbuslar amaliyotga qay darajada tadbiq etilayotgani kabi masalalar koʻtarildi.
Jamiyat aʼzolarining huquq va manfaatlari borasida takliflar bildirildi. Hukumat qarorlari va ularning joylardagi ijrosi tahlil qilindi.
Plenumda nogironligi boʻlgan fuqarolarga qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish masalasi alohida taʼkidlandi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, eng yaxshi tajribalarni ommalashtirishga kelishib olindi.
Toshkent shahar koʻzi ojizlar jamiyati tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari yangi texnologik uskunalar bilan taʼminlanib, takomillashtirilayotgani eʼtirof etildi. Masalan, 160 metr chuqurlikdagi tabiiy toza suvni ayni paytda 100 nafardan ziyod koʻzi ojiz nogironlar qoʻl mehnati bilan zamonaviy uskunalar vositasida qadoqlayapti.
Maʼlumotlarga qaraganda, ayni kunda 800 ming nafarga yaqin nogironligi boʻlgan fuqaro bor, ularning 400 mingdan oshigʻi ishga layoqatli. Respublikamizda esa 500 mingdan ortiq katta-kichik xususiy korxona faoliyat koʻrsatadi. Har bir korxona agar 1 nafar nogironligi bor odamni ish bilan taʼminlasa, birorta ham nogiron ishsiz qolmaydi.
Eslatib oʻtamiz: Amerikadagi Boeing kompaniyasida nogironlar uchun alohida sex mavjud. Rossiyada 300 nafardan ortiq nogiron tezkor xizmatlar tizimida operator vazifasida ishlaydi. Toshkentda klik kompaniyasining bir nafar operatori ham koʻzi ojiz nogiron.
Oʻzbekiston Respublikasi koʻzi ojizlar jamiyati boshqaruvi.