Pokiston bilan agrar sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Agrosektor 8 Avgust 2023 1159

    Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov hamda Pokiston Respublikasi Panjob viloyati Bosh vaziri Said Mohsin Raza Naqvi va “Ejaz Group” kompaniyasi rahbari Gohar Ijaz boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda bugungi kunda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning strategik xususiyatlari va agrar sohadagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgani, kelgusida qishloq xoʻjaligi sohasi ravnaq topishidagi hamkorlikning mavjud imkoniyat va resurslarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Shuningdek, uchrashuvda agrar sohadagi oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishning muhim yoʻnalishlaridan hisoblangan paxta yetishtirish va urugʻchilik borasida hamkorlik qilish hamda birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish borasida ham fikr-mulohazalar almashildi.

    Uchrashuv yakunida mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi korxonalari va “Ejaz Group” kompaniyasi oʻrtasida paxtachilik va urugʻchilik yoʻnalishida hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.