Pokistonda masjid portlashi oqibatida 28 kishi halok boʻldi

    150 ga yaqin odam kasalxonaga yotqizilgan, baʼzilarining ahvoli ogʻir. Politsiya xudkushlik hujumi ehtimolini istisno qilmayapti.

    Pokistonning Peshovar shahridagi masjidda yuz bergan portlash oqibatida 28 kishi halok boʻldi.

    Taʼkidlanishicha, yana kamida 150 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan baʼzilarining ahvoli ogʻir. Yaradorlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham koʻp.

    Peshovar politsiyasi boshligʻi Ijoz Xonning soʻzlariga koʻra, masjid politsiya shtab-kvartirasi va terrorizmga qarshi kurash boʻlimini oʻz ichiga olgan majmuada joylashgan.

    Uning qoʻshimcha qilishicha, xudkushlik hujumi ehtimolini inkor etib boʻlmaydi – masjid ichidan portlovchi moddalar izlari topilgan.

    Hodisa peshin namozi vaqtida, binoda kamida 260 kishi boʻlgan vaqtda sodir boʻlgan. Masjidning bir qismi qulagan, vayronalar ostida odamlar boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

    Hozircha hech qaysi tashkilot hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmadi.