Ushbu tadbir Axborot vazirligi va Panjob universiteti tomonidan Islomoboddagi global va strategik tadqiqotlar markazi (GSTM) bilan o'zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimotda O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Furqat Sidiqov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Pokiston Axborot vaziri o'rinbosari S.Mubashar, Panjob universiteti rektori, professor Salim Mazhar, etakchi tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot chog'ida O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqidagi atroflicha ma'lumotlar tadbir ishtirokchilarining e'tiboriga havola qilindi. O'zbek xalqining, ayniqsa, Boburiylar davrining tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar olqishlandi.
O'zbekistonning yangi tashqi siyosati nafaqat mintaqaviy hamkorlik, balki Markaziy va Janubiy Osiyo, eng avvalo, Pokiston bilan o'zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratganiga alohida e'tibor qaratildi.
«PTV World» markaziy telekanalining bosh muharriri Raza Xanning ta'kidlashicha, O'zbekiston Prezidentining strategik qarashlari yangi mintaqaviy imkoniyatlarni ochib beradi. Uning fikricha, O'zbekiston va Pokiston rahbarlarining Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo'li qurilishini qo'llab-quvvatlashi Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining uzoq kutilgan orzusi – barqaror o'zaro bog'liqlik va iqtisodiy farovonlikni ta'minlashi, shu jumladan, bu orzuni qo'shni Afg'onistonda ham ro'yobga chiqarishga imkoniyat yaratadi.
Axborot vazirining o'rinbosari C.Mubasharning ta'kidlashicha, Pokistonda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Pokiston hukumatining ko'magida “Yangi O'zbekiston” ichki va tashqi siyosatining mazmun-mohiyatini ochib beradigan yuksak ilmiy darajadagi kitob nashr etilgan. Bu Pokistondagi kabi aholisi ma'naviy qadriyatlar va milliy an'analarga sodiq bo'lgan ijtimoiy yo'naltirilgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda O'zbekiston tajribasini o'rganishga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
U Pokiston jamoatchiligini O'zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar bilan batafsil tanishtirish maqsadida O'zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari haqidagi nashrlarni urdu tilida chop etish amaliyotini izchil davom ettirishni taklif qildi.
“Bu ikki qardosh xalq va mamlakat rahbarlarining aholi farovonligini yuksaltirishga, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga va xorijiy sheriklar bilan ishonchli aloqalarni rivojlantirishga bo'lgan intilishlarini yanada chuqur anglash imkonini beradi”, dedi Pokiston axborot vazirligining vakili.
Panjob universiteti rektori Professor Salim Mazhar O'zbekiston va Pokistonning ijtimoiy-iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvorliklari o'xshash ekanligini qayd etdi.
«Shu bois Pokiston hukumati, ekspert va akademik doiralari “Yangi O'zbekiston”ning mintaqaviy tashabbuslari va iqtisodiy muvaffaqiyatlarini o'rganishga, jumladan, ikki tomonlama hamkorlikning “o'sish nuqtalari”ni aniqlashga katta qiziqish bildirmoqda.
O'zbekiston va Pokiston mintaqaviy o'zaro bog'liqlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchlariga aylanadi, bu kelajakda “Katta Osiyoda” yangi iqtisodiy makonni shakllantirishga imkon beradi, deya qo'shimcha qildi Salim Mazhar.
“Siyosat va xalqaro munosabatlar maktabi” professori Z. Jaspal O'zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vazirining siyosiy qarashlari va yondoshuvlaridagi o'xshashlik mamlakatlarimiz o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining ishonchli asosiga aylanganini alohida ta'kidladi.
“Oldinda turgan O'zbekiston–Pokiston sammiti ikki tomonlama hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va Afg'onistondagi vaziyatni hal qilishning yangi istiqbollarini ochib beradi”, dedi u.