Taqdimot davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Oʻzbekiston soʻnggi besh yilda Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan har bir yoʻnalish doirasida barqaror oʻsish surʼatlariga erishganligi, eng asosiysi, aholining ijtimoiy muhofazasini taʼminlash borasida bir qator hayotiy tashabbuslarning amalga oshirilishi natijasida fuqarolarning turmush farovonligi yuksalayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi bosh ustuvor yoʻnalish sanalmish ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish izchil davom ettirilib, nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida shu bilan birga, boshqa mintaqa davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ham keng qirrali savdo va iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyilganligiga ham eʼtibor qaratildi.
Eng muhimi, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan xalqchil islohotlar uzviy davom ettirilgani, xususan hujjat oʻzida bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda yettita yoʻnalishni jamlaganligi, shu bilan birga har bir yoʻnalishda belgilab berilgan vazifalar yuzta maqsadda aniq belgilab berilganligini taʼkidladi.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining yana bir oʻziga xosligi, hujjat nafaqat kelgusi besh yillik taraqqiyotni, balki mamlakatning uzoq yillik barqaror strategiyasini belgilab beruvchi ahamiyatga ham ega. Xususan, Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani, MDH, Yevropa Ittifoqi va Amerika mamlakatlari, shuningdek Yaqin, Oʻrta Sharq va Afrika mintaqalari davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsad qilingan.
Taqdimot yakunida Eldor Tulyakov ishtirokchilar tomonidan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi yuzasidan, jumladan Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar rivojining keyingi bosqichiga qaratilgan savollarga javob berdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.