Polsha bilan xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

    Transport 18 Avgust 2022 2278

    Joriy yil 9-avgustda Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya Polsha Respublikasiga tashrif buyurdi.

    Tashrifdan asosiy koʻzlangan maqsad xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha davlat rahbari huzurida oʻtkazilgan taqdimot davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashdan iborat boʻldi.

    Tashrif davomida Varshava shahrida Polsha infratuzilma vaziri oʻrinbosari Rafal Veber hamda “Polsha xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi” (ZMPD) prezidenti Yan Buchek bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Xususan, xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, ikki tomonlama, tranzit va uchinchi mamlakatlarga/dan yuklarini tashish uchun qoʻshimcha ruxsatnomalarni almashish, bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda muqobil transport yoʻlaklarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

    Tomonlar avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qoʻshimcha 1 000 dona ruxsatnomani almashishga, shuningdek, tez fursatlarda Toshkent shahrida transport masalalari boʻyicha qoʻshma komissiya yigʻilishini oʻtkazishga kelishib oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.