Uchrashuvda asosiy eʼtibor “LOT Polish Airlines ” aviakompaniyasini mamlakatimiz bozoriga jalb etish va aviakompaniya ishtirokida Oʻzbekiston shaharlari orqali dunyoning turli nuqtalariga parvozlarni amalga oshirishga qaratildi. Muzokaralar jarayonida mamlakatimizda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi tadbirkorlik subyektlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida xorijiy tomonga Oʻzbekiston hududida amaldagi barcha imtiyoz va preferensiyalar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy etilganligi va endilikda xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimning mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼiy nazar aviaqatnovlarni amalga oshira olishi haqida xabardor etildi.
Muloqot davomida Oʻzbekiston bozoridagi oʻz faoliyatida duch kelayotgan muammolar va kelgusi rejalari, shuningdek, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Oʻz navbatida “LOT Polish Airlines ”aviakompaniyasi vakillari ham Oʻzbekiston ular uchun ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanligini va 2024-yil mart oyida “Varshava – Toshkent – Varshava” yoʻnalishida haftasiga 3-marta toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar ochilishi hamda 2-bosqichda Samarqandga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilganligini maʼlum qildi.
Muzokaralar yakuniga koʻra, Madaniyat va turizm vazirligi va “LOT Polish Airlines ” aviakompaniyasi oʻrtasida muntazam axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, aviakompaniya havo kemalarida va veb-resurslarida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib etish va targʻibot materiallarini birgalikda tayyorlash hamda istiqbolli aviayoʻnalishlarni hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.