Mirishkor tumanining Pomuq shaharchasi nafaqat tuman, viloyat, balki mamlakatimizning eng chekka va uzoq hududlaridan biri sanaladi. Qishloqdan tuman markaziga borish uchun ham naqd 60 chaqirim masofani bosib oʻtib lozim.
Pomuqliklarning asosiy muammolaridan biri ham ish yuzasidan tez-tez tuman markaziga borib kelish edi. Misol uchun, kimdir farzandiga guvohnoma olishi kerak, birov tadbirkorlik boshlash uchun roʻyxatdan oʻtish harakatida. Yana kimgadir esa boshqa bir hujjat kerak. Bularning hech birini tuman markaziga bormasdan hal etib boʻlmaydi. Yoʻl esa koʻp vaqt va xarajat talab etadi.
Shuni inobatga olgan holda, oʻtgan yili shaharchada tuman Davlat xizmatlari markazining Pomuq filiali tashkil etilishi shaharcha tarkibidagi oltita mahallada istiqomat qilayotgan qariyb 20 ming aholining haqiqiy quvonchiga sabab boʻlgan edi.
Ayni paytda filial tomonidan haftaning ikki kuni shaharcha ahliga davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Fuqarolar esa bundan mamnunligini yashirmayapti.
– Men tadbirkor sifatida davlat xizmatlaridan tez-tez foydalanaman, – deydi Pomuq shaharchasi Yangi qishloq mahallasida istiqomat qilayotgan Qunduzoy Ahmedova. – Avvallari har bir ish uchun tuman markaziga borib kelardik. Hozir koʻpgina hujjat ishlari shu yerning oʻzida hal boʻlyapti. Davlat xizmatlari markazi biz uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, Mirishkor tuman davlat xizmatlari markazining Pomuq filiali oʻtgan 2021-yilda tashkil etilgan boʻlib, shu qisqa vaqt ichida bu yerda aholiga 120 dan oshiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.