“Pop fayz stom” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 17 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan uch qavatli yirik majmua tarkibidan 30 mijozga moʻljallangan xostel, 50 oʻrinli tikuv sexi, 50 kishiga xizmat koʻrsatuvchi tamaddixona, 30 ayol-qiz bir vaqtni oʻzida shugʻullanish imkonini beruvchi fitnes zali, 50 kishini qabul qiluvchi 4 ta sauna va bir vaqtning oʻzida 20 kishiga xizmat koʻrsatuvchi umumiy sauna xonalari, qurilish mollari va mebel jihozlari savdo doʻkonlari oʻrin olgan.

Mazkur majmuada uskunalarni sotib olish, binolarni tayyorlash, oʻrnatish va ishga tushirish jarayonlari uchun tadbirkor Alijon Tursunboyev hisobidan 15 milliard soʻm, bank krediti evaziga 2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Qayd etish joiz, kompleksning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 milliard soʻmga teng boʻlib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni 50 foizini Rossiya va Belarus davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan.

Majmua ishga tushishi natijasida yangi 120 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan tadbirkorlikning ushbu yoʻnalishi boʻyicha ishga tushirilgan loyiha ishga tushishi bilan jamiyat har oyda davlat byudjetiga 12 million soʻmlik soliq toʻlovlarini amalga oshiradi. Tadbirkor bunday amaliy saʼy-harakatlar bilan cheklanib qolmasdan, kelgusi yil boshida oʻz mablagʻi hisobidan 8 milliard soʻmlik logistika xizmati koʻrsatishni tashkil etib, yana 40 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratishni koʻzda tutgan, deb xabar beradi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.