Posco Group yurtimizdagi faoliyatini yanada kengaytiradi

    Investitsiyalar 15 Mart 2023 1223

    Joriy yil 14-martda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Posco Group korporatsiyasi raisining oʻrinbosari Tak Zhong bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun: Posco Group Koreyaning metallurgiya, energetika, kimyo va toʻqimachilik sanoati sohalarida ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan konglomerat hisoblanadi. Korporatsiyaning yillik aylanmasi 69 milliard dollarni tashkil etadi.

    1996-yildan buyon Oʻzbekistonda yengil sanoatdagi “Posco Group” kompaniyalaridan biri “Posco International Textile” faoliyat yuritib, Fargʻona va Buxoro viloyatlarida 3 ta yigiruv va 2 ta trikotaj fabrikalarini boshqaradi.

    Muzokaralar chogʻida Fargʻona viloyatidagi toʻqimachilik klasteri faoliyatini kengaytirish, xususan, yangi paxta tozalash zavodini qurish, shuningdek, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

    Bundan tashqari, Koreya tomoni Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi klasterlar yaratish orqali Oʻzbekistondagi investitsiya portfelining hajmini oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida ikki tomonlama muntazam uchrashuvlar amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.