Davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida bunyod etilgan va zamonaviy IT-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan Yashnobod tuman Davlat xizmatlar markazining 800 kvadrat metr maydonga ega yangi binosi oʻz faoliyatini boshladi.

Bino qurilishida, zamonaviy shaharsozlik normalariga muvofiqlik va fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor berildi. Murojaatchilarga bir vaqtning oʻzida 160dan ortiq turdagi xizmatlarni koʻrsatish imkoni yaratildi. Bu yerda elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish va salomatlik burchaklari, bolalar maydonchasi hamda mini-kutubxona tashkil qilingan. Tashrif buyuruvchilar xizmatlardan mustaqil foydalanishlari, shuningdek, turli imkoniyatlardan xabardor boʻlishlari uchun axborot stendlari va posterlar qoʻyilgan.

Markazda, aholining barcha qatlamlariga, hattoki keksa yoshdagi insonlarga ham xizmatlardan qulay foydalanish imkoniyati mavjud. Bu yerda boshqa DXMlar kabi aksariyat davlat xizmatlaridan eksterritorial tamoyili asosida, yaʼni yashash va turgan joydan qatʼiy nazar foydalanish mumkin.

Agentlik xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash va imkon qadar soddalashtirish ustida doimiy ravishda izlanib, bu boradagi ishlarini davom ettirmoqda. Markazda elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma mavjud boʻlib, uning yordamida mijozlar xizmat koʻrsatish jarayoni va xizmat koʻrsatgan xodimni baholashi mumkin boʻladi. Bu esa, fuqarolar bilan qayta aloqaning muhim usullaridan biri sifatida murojaatchilar uchun xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishga  yordam beradi.

Tashrif buyuruvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlaridan foydalanishda NFC maxsus qurilmasi ishga tushirildi. Uning yordamida ID kartadagi fuqaroning shaxsi aniqlanadi va tizimda arizachining maʼlumotlari avtomat tarzda toʻldiriladi.

Murojaatchilar bir joyning oʻzida turli masalalarga yechim topishlari mumkin, yaʼni endilikda fuqarolarning idorama-idora ovoragarchiliklarini oldini olish maqsadida binoga Prezident Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi hamda FHDYO boʻlimlari joylashtirildi.

Hozirda Toshkent shahrida 12 ta davlat xizmatlari markazi mavjud boʻlib, ularning uchtasi zamonaviy shart-sharoitlarga ega.