“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar berishicha, kabel tarmoqlarini oʻtkazish ishlari sababli Toshkent shahridagi Furqat va Beshyogʻoch koʻchalarining ayrim qismlari 19 kunga yopiladi.
Qayd etilishicha, Shayxontohur tumani isteʼmolchilarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlashni yaxshilash maqsadida Chilonzor tumanining Beshyogʻoch koʻchasi boʻylab 110 kV li yuqori kuchlanishli yerosti elektr uzatish kabel tarmoqlarini oʻtkazish ishlari davom etmoqda. Mazkur ishlar maʼlum hududda yoʻl qoplamasini demontaj qilish ishlari olib borilishini taqozo qiladi.
Shu sababli 22-noyabr kuni soat 00:00 dan 10-dekabr kuniga qadar quyidagi hududlarda ikki tomonlama yoʻnalish barcha harakat ishtirokchilari uchun cheklanadi:
- Furqat koʻchasining Beshyogʻoch maydonidan Seul koʻchasi kesishmasigacha boʻlgan bir tomonlama yoʻnalishi;
- Beshyogʻoch koʻchasining Furqat, Afrosiyob va Islom Karimov koʻchalari kesishmalari oraligʻidagi qismida.
Tashkilot noqulayliklar uchun uzr soʻrab, ushbu davrda muqobil yoʻllardan foydalanishni tavsiya qildi.