Ochilish marosimida Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Odil Abduraxmonov, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixanov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, xorijlik hamda mahalliy mehmonlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev soʻzga chiqib, yashil innovatsiyalar, shubhasiz, biz duch kelayotgan muammolarni hal qilishda yordam berishini aytdi.

“Oʻzbekiston esa shunday amaliyotlarni joriy etishda yetakchilardan hisoblanadi. Va bu yoʻnalishda natijalarni yaxshilash boʻyicha ishlarni davom ettiryapmiz.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, innovatsiyalar – kelajak demakdir. Biz buyuk kelajakni innovatsion gʻoyalar asosida qurishimiz kerak. Innovatsion rivojlanish va raqamli iqtisodiyotga oʻtishimiz muqarrar. Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanishi va raqamli iqtisodiyotga oʻtish toʻgʻrisidagi hujjat qabul qilindi”, — dedi Bosh vazir oʻrinbosari.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov esa haftalikning bu yilgi shiori “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar” sifatida tanlanishi bejizga emasligini alohida qayd etdi.

“Bugungi kunga kelib antropogen omil tufayli ekologiyaga insoniyat tomonidan yetkazilayotgan zarar miqdori kun sayin ortib bormoqda. Tabiiyki, bu jarayonlarning oldini olish va ularning taʼsirini kamaytirish jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi”, — deya qoʻshimcha qildi vazir.

Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Odil Abduraxmonov hamda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixanov ham tadbirda soʻzga chiqib, yigʻilganlarni tabrikladi va haftalik ishiga omad tiladi.

Shundan soʻng koʻrgazmaga start berilib, uning doirasida Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar vakillari tomonidan yaratilgan va yaratilayotgan innovatsion texnologiyalar, alternativ va energiya tejamkor mahsulotlar, yashil innovatsiyalar taqdim etildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

“InnoWeek.uz-2022” tadbirlari keng qamrovda davom etadi.