Poytaxtimizda “Oʻzbekiston – Sloveniya” biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 8 Fevral 2023 861

    Bugun, 8-fevralda Toshkentda “Oʻzbekiston – Sloveniya” biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Unda tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Sloveniya delegatsiyasiga esa Sloveniya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashqi ishlar vaziri Tani Fayon boshchilik qildi.

    Delegatsiyalar rahbarlari oʻz qutlov soʻzlarida ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, oʻzaro savdo munosabatlari faollashayotgani, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim rol oʻynashini taʼkidladilar.

    Oʻtgan yil davomida hajmi qariyb 40 foizga oshgan tashqi savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi alohida taʼkidlandi. Bu koʻp jihatdan Oʻzbekistonning “GSP+” preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomini olishi tufayli mumkin boʻldi. Tashqi savdodagi koʻrsatkichlarni oshirish uchun tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun zarur qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratib berish masalalari boʻyicha kelishib oldilar. Erishilgan kelishuvlar biznes-forum davomida imzolangan Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasida Iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimda oʻz aksini topdi.

    Bundan tashqari, taqdimot va ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida kechgan muloqotlarda avtomobilsozlik, butlovchi qismlar, metall buyumlar, gidravlik turbinalar, nasoslar, farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda sheriklik munosabatlarini oʻrnatish istiqbollari koʻrib chiqildi. Chorvachilik, bogʻdorchilik va urugʻchilikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun agrosanoat kompleksini yaratish, shuningdek, Sloveniyaning Mercator Group yirik savdo tarmogʻi filialining Oʻzbekistonda faoliyatini tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdilar.

    Forum “B2B” va “G2B” muzokaralari sessiyasi bilan davom etdi, unda tomonlar yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yangi darajaga chiqarish va rivojlantirishga qaratilgan mustahkam savdo aloqalarini oʻrnatish yuzasidan fikr va takliflar almashdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.