Ilmga asoslanmagan ishbilarmonlik uzoqqa bormaydi. Tadbirkor bo'lish uchun bilim zarur emas, degan xato fikr esa bugun shiddat bilan rivojlanayotgan taraqqiyotga aslo to'g'ri kelmaydi. Bu — hayotda, biznes olamida muvaffiyatga erishib, ayni kezda, yangi va uzoq muddatli, istiqbolli yo'nalishlarga asos solayotgan insonlarning so'zlari.
Poytaxtimizda o'tkazilayotgan yoshlar oyligi doirasida start olgan “Ta'lim va tadbirkorlik haftaligi”da yuzlab yigit-qizlar ana shunday muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan soha vakillari bilan uchrashib, bevosita muloqotga kirishish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
Kunlar sovib borayotgan shu kunlarda yoshlarning qalbidagi harorat har qachongidan yuqori. “Toshkent yoshlarni sevadi!” shiori ostida o'tkazilayotgan yoshlar oyligida birlashayotgan yigit-qizlar navbatdagi tadbirlarni ham qizg'in kutib oldi. 14—17-dekabr kunlariga mo'ljallangan haftalik ta'lim va tadbirkorlikka bag'ishlangani bilan ham ularda katta qiziqish uyg'otmoqda. Toshkent shahridagi Yoshlar markazida bo'lib o'tayotgan uchrashuvlarda hatto zalda bo'sh joy qolmayotganiga guvoh bo'ldik.
Turli oliy o'quv yurtlaridan kelgan talabalar haftalik mehmonlarining aksariyatini yaxshi taniydi, g'oyibona o'zlariga ustoz, deb biladi. Ular orasida Compas Consulting asoschisi Ulug'bek Hojiahmedov, “Yuksalish” liderlar akademiyasi, “Biznes kvadrat”, “Patronlar ligasi” loyihalari asoschisi Muhammadali Eshonqulov, Moliya.uz va Growth Academy asoschilaridan SHohida Ibragimova, Dalatek loyihasi asoschisi va SAP kompaniyasining O'zbekistondagi direktori Laziz Adhamov va boshqa taniqli ishbilarmonlar bor. SHaxsiy biznesini boshlash istagidagi yoshlarning esa ularga beradigan savollari, oladigan maslahatlari ko'p. Haftalik bu imkoniyatni ularga bermoqda.
Avvalo, tadbirkor bo'lish uchun bilim qanchalik zarur, degan savol ko'pchilikni qiziqtiradi. Ammo haftalik mehmonlarining ta'lim olish jarayoniga bo'lgan qat'iy talablari, yuqori bilim darajalari va shaxsiy ko'rsatkichlari, qolaversa, ularning o'zlari mazkur sohani rivojlantirishga asoslangan biznesni yuritayotgani bu savollarga o'rin qoldirmadi. Ularning bari muvaffaqiyat eshiklarining asosiy kalitlaridan biri, shubhasiz, yaxshi ta'lim ekanini ta'kidlashdi.
— Biror natijaga erishish uchun, avvalo, aniq maqsad va uni amalga oshirish uchun bilim zarur, — deydi Cambridge International College, IDP IELTS va boshqa qator loyihalar asoschisi Umidjon Ishmuhammedov. — Men moliya sohasida tahsil olishni boshlagan vaqtimdayoq AQSHdagi nufuzli oliy o'quv yurtida o'qishimni bilardim. Haqiqatan, moliya va va audit yo'nalishidagi tahsilni xorijda davom ettirdim. Men yigit-qizlarga doim IELTS darajasini olish zarurligini aytaman. Boisi, korxonalar hamisha malakali mutaxassisga ehtiyoj sezadi, bunday kadrga qo'yiladigan talabning birinchisi esa til bilish, deb bilaman. Qolaversa, insonda o'zidagi borini namoyon eta olish qobiliyati bo'lishi kerak. Qo'rquv, tortinchoqlik ko'p ishni boshlashga to'sqinlik qiladi. Mehnat, bilim va ularni ko'rsata bilish qobiliyati esa katta muvaffaqiyatga etaklaydi.
Globallashuv davrida insonning lokatsiyasi muhim bo'lmay qoldi. Bugun bilim olishni maqsad qilgan yoshlar istalgan shakl yoki manzilda o'qib-o'rganishlari mumkin. Bu yo'nalishda tadbirkorligini yo'lga qo'yayotgan yigit-qizlar esa o'zlari qatorida atrofdagilarni ham bilim olishga rag'batlantirmoqda.
Umuman, Toshkent shahri hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri boshqarmasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida o'tkazilayotgan ushbu oylik doirasida yigit-qizlarning iste'dodlarini qo'llab-quvvatlash, taklif va loyihalarini amalga oshirish maqsad qilingan.
— 15-noyabrdan boshlangan yoshlar oyligi davomida o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar ko'lami juda keng, — dedi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri boshqarmasi boshlig'i Abdulaziz Nazirov. — Har biri alohida nomlangan haftaliklarida minglab yoshlar faol qatnashib kelmoqda. Xususan, “Intellektual o'yinlar” haftaligi doirasidagi tadbirlarda jami 6 ming 790 nafar yosh ishtirok etgan bo'lsa, sport musobaqalari etti kunligida mingdan ziyod yigit-qiz futzal, voleybol, stol tennisi, bouling bo'yicha o'zaro bellashdi. Barcha o'yinlar va musobaqalarning g'oliblari diplom hamda esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi. Albatta, bularning barchasi yoshlar uchun o'tkazilmoqda va tadbirlar, bellashuvlar, kontsertlarda ishtirok etish mutlaqo tekin.
Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etib, ulardan maslahatlar olish yoshlarga berilayotgan yaxshi imkoniyatlardan biri. SHunday tadbirlarda o'zlariga motivatsiya olib, oldiga aniq maqsad qo'yayotgan yigit-qizlar ko'pchilikni tashkil etadi.
— Bugungi uchrashuv kechagidan ham qizg'in, ko'tarinki kayfiyatda o'tmoqda, — deydi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti 2-bosqich talabasi Muhriddin Saidmurodov. — Umuman, haftalik bizga aniq maqsad yo'lida izlanish, bilim olishga bo'lgan istakni oshirishi bilan ham qiziq va foydali bo'lyapti. Tadbirga taklif etilgan mehmonlardan juda ko'p bilim, ko'nikmalar olyapmiz. Ayniqsa, Umid Ishmuhammedov bilan uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Undan o'z savolimga juda chiroyli, aniq javob oldim. SHijoat, qat'iyatim yanada oshdi. G'oyalarimni mustahkamlab oldim. O'zim geologiya sohasida tahsil olayotgan bo'lsam-da, o'z sohasi etakchilari faoliyatidan ko'p narsa o'rgandim.
Muhimi, yoshlar tadbirkorlik faqat ko'r-ko'rona biznes yuritish emas, balki bilimga asoslangan, doimiy o'zgarishlar oqimidagi soha ekanini his etmoqda. Ta'limda ham bu yo'nalish alohida o'rin egallayapti.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri