Poytaxtimizda “Tashkent Travel Mart-2024” Xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi yakunlandi

    Turizm 31 Oktabr 2024 574

    Joriy yil 30-oktyabrda Toshkent shahrida Turizm qoʻmitasi koʻmagida Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Tashkent Travel Mart-2024” ikki kunlik Xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi doirasida B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

    Ularda Markaziy Osiyo davlatlari, Misr, BAA, Malayziya, Rossiya, Gruziya, Turkiya va boshqa mamlakatlarning 66 ta sayyohlik tashkiloti vakillari salohiyatli hamkorlar bilan bevosita muloqot qilish, qoʻshma loyihalarni muhokama qilish va shartnomalar tuzish imkoniga ega boʻldi. Umuman olganda, B2B ishtirokchilari 2000 dan ortiq muzokaralar olib bordilar.

    Ishbilarmonlik uchrashuvlarida xalqaro turoperatorlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, sayyohlik assotsiatsiyalari, sugʻurta kompaniyalari, oilaviy mehmon uylari, IT platformalar vakillari ishtirok etdi.

    Koʻrgazmaning birinchi kunida Oʻzbekistonda noyob sayyohlik mahsulotlarini rivojlantirish hamda turizm va mehmondoʻstlik sektorini raqamlashtirishga bagʻishlangan “TRAVELHUB Uzbekistan” konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar turizmni xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashi va biznes yuritish yondashuvini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan innovatsion yechimlarni joriy etish masalalarini faol muhokama qildi.

    “Tashkent Travel Mart-2024” koʻrgazmasi Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo turizm industriyasini rivojlantirishda muhim voqea boʻldi. Bu xalqaro aloqalarni mustahkamladi, mintaqaning boy madaniy merosini namoyish etdi va ishtirokchilarni eng yangi tendensiyalar va texnologiyalar bilan tanishtirdi. Ikki kun davomida koʻrgazmaga 1500 dan ortiq kishi tashrif buyurdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.