Bino qurilishida, zamonaviy shaharsozlik normalariga muvofiqlik va fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor berildi. Murojaatchilarga bir vaqtning oʻzida 184 dan ortiq turdagi xizmatlarni koʻrsatish imkoni yaratildi. Bu yerda elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish va salomatlik burchaklari, bolalar maydonchasi hamda mini-kutubxona tashkil qilingan. Tashrif buyuruvchilar xizmatlardan mustaqil foydalanishlari shuningdek, turli imkoniyatlardan xabardor boʻlishlari uchun axborot stendlari va posterlar qoʻyilgan.

Ushbu Markaz tumandagi 116 mingga yaqin aholiga xizmat koʻrsatish bilan birga, eksterritorial tamoyili asosida Toshkent shahri va respublikamizning barcha xududlaridan tashrif buyurgan fuqarolarga ham xizmat koʻrsatadi.

Agentlik xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash va imkon qadar soddalashtirish ustida doimiy ravishda izlanib, bu boradagi ishlarini davom ettirmoqda. Markazda elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma mavjud boʻlib, uning yordamida mijozlar xizmat koʻrsatish jarayoni va xizmat koʻrsatgan xodimni baholash mumkin boʻladi. Bu esa fuqarolar bilan qayta aloqaning muhim usullaridan biri sifatida murojaatchilar uchun xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishga yordam beradi.

Yangi Markazda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmati joriy etilgan boʻlib, Toshkent shahridagi 11 ta tuman Davlat xizmatlari markazlari tomonidan murojaatchilarga samarali davlat xizmati koʻrsatilmoqda.

Shuningdek, ushbu Markazda davlat xizmatlaridan foydalanishda barmoq izi skanerlari toʻliq joriy etildi. Uning yordamida elektron raqamli imzo kalitlarini tasdiqlash bilan bogʻliq jarayonlar amalga oshiriladi.

Tashrif buyuruvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlaridan foydalanishda NFC mahsus qurilmasi ishga tushirildi. Uning yordamida ID kartadagi fuqaroning shaxsi aniqlanadi va tizimda arizachining maʼlumotlari avtomat tarzda toʻldiriladi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga koʻra nogiron boʻlib qolgan murojaatchilarga barcha sharoitlarni yaratish maqsadida nogironlik aravachasi orqali binoga kirish imkonini beruvchi pandus hamda shaxsiy ehtiyojlar uchun alohida xona shuningdek, “surdo-online” xizmatlari mavjud.

Hozirda Toshkent shahrida 12 ta Davlat xizmatlari markazi mavjud boʻlib, ularning oltitasi zamonaviy jihozlangan binolarga ega.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi