Tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan 30-iyul kuni qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 1-sentyabrdan boshlab yuridik shaxslar PPX boʻlinmalariga shartnoma-huquqiy asosda xizmatlardan foydalanish uchun YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari mumkin boʻladi.
PPX boʻlinmalari IIVning “Elektron patrul” tizimi orqali jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash xizmatlarini koʻrsatishi mumkin boʻladi.
Tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga koʻra quyidagilar tartibga solinadi:
- aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ichki ishlar organlari patrul-post xizmati boʻlinmalariga yuridik shaxslar tomonidan murojaat qilish tartibi;
- arizalarni koʻrib chiqish va ularni rad etish asoslari;
- jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etish tartibi.
Maʼmuriy reglament ommaviy tadbirlarni, yigʻilishlar, mitinglar va koʻcha namoyishlarini tashkil etish va oʻtkazishga taalluqli emas.
Belgilangan shakldagi ariza vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Bu jarayonda vakolatli organ xodimi ariza beruvchi bilan birgalikda fuqarolar toʻplanadigan joyni koʻzdan kechiradi.
Koʻzdan kechirish natijasida obyekt hududining chegaralari, kerakli xodimlar soni, xizmat xonalari va postlar joylashuvi, harakat yoʻnalishlari, javobgarlik hududi, ish rejimi va xodimlar faoliyati tartibi koʻrsatilgan akt tuziladi hamda shartnoma loyihasi ishlab chiqiladi.
Aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha PPX boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar tariflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda belgilanadi.