Prezident aholi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qarorni imzoladi

    Mamlakatimizda 9 Mart 2023 1889

    Qarorga koʻra, 2023-yil 1-maydan boshlab benefitsiari byudjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan toʻlovlar boʻyicha toʻlov xizmatlari koʻrsatganlik uchun vositachilik haqi (yigʻimlar) toʻlov shaklidan qatʼi nazar toʻlovchi – jismoniy shaxsdan emas, balki toʻlov summasidan chegirib qolish yoʻli bilan undiriladi.

    Bunda, vositachilik haqi miqdori toʻlov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan koʻp boʻlmagan miqdorda boʻladi.

    Ushbu tartib:

    • barcha turdagi davlat boji va maʼmuriy jarimalar boʻyicha toʻlovlar;
    • davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlariga toʻlovlar;
    • maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sogʻliqni saqlash muassasalariga toʻlovlar;
    • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar;
    • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish boʻyicha undiriladigan toʻlovlar;
    • “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga toʻlovlar;
    • avia, temir yoʻl va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi toʻlovlarga nisbatan tatbiq etiladi.

    Kelajakda mazkur roʻyxatga qoʻshimcha toʻlov turlari kiritilishi mumkin.

    Shuningdek, 2023-yil 1-mayga qadar muddatga Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida naqd pul yechish xizmatini koʻrsatish amaliyoti joriy etiladi.

    Qarorda “HUMO” va “UZCARD” toʻlov tizimlari oʻzaro integratsiyasini bosqichma-bosqich, jumladan 2023-yil may oyiga qadar bankomatlar hamda 2023-yil yakuniga qadar toʻlov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini yakunlash topshirilgan.

    Shuningdek, Yagona gʻazna hisobvaragʻi orqali hisob-kitoblarni 24/7 rejimida onlayn tartibda amalga oshirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi Markaziy bankning “Tezkor toʻlovlar” tizimiga integratsiya qilinadi.