— “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magi bilan Kolorado universitetida aerokosmik muhandislik yo‘nalishida tahsil olyapman. Bu — kelajakda men o‘zimni ko‘ra oladigan, o‘zimni unga tegishli deb biladigan soha. 

Oilamizdagi muhit qizlarning ta’lim olishini, o‘zi qiziqqan yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishishini rag‘batlantiradi, qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentimiz bilan Nyu-Yorkda uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lganim, bundan ota-onamning, yaqinlarimning quvonishini ham ana shu muhit tufayli, deb bilaman.

Bu uchrashuv hayotimda katta o‘zgarish yasashiga ishonaman. Chunki u menga o‘qish va izlanishlarim, bilimim va salohiyatimni vatanim ravnaqi yo‘lida safarbar etish uchun katta motivatsiya berdi.

Bakalavr tahsilini tugatgach, “O‘zbekkosmos” agentligida ishlashni va to‘plagan tajribamdan foydalanib, yurtimizda aerokosmik muhandislik infratuzilmasini shakllantirishga hissa qo‘shishni rejalashtirganman.

Uchrashuv chog‘ida muqobil energiya xususida gap bordi. Shuningdek, stipendiatlarning taklif va tashabbuslari nafaqat qo‘llab-quvvatlandi, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga bu takliflar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish topshirig‘i berildi. Men esa kelgusi faoliyatimda muqobil energiya sohasiga ham ustuvor ahamiyat berishni maqsad qilib qo‘ydim.

Bundan tashqari, Prezidentimizdan o‘zimning soham bo‘yicha ko‘rsatmalar oldim. Aerokosmik sohani keyingi bosqichga olib chiqish va kelajakdagi loyihalar uchun asosiy platforma yaratishga ishtiyoqim ortdi.