“Prezident bildirgan ishonch hammasini eplashim uchun katta motivatsiya boʻldi”

    Suhbat 9 Fevral 2021 3785

    Xalq deputatlari Fargʼona viloyat Kengashining navbatdan tashqari boʼlib oʼtgan sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev soʼzga chiqqan “Fargʼonaazot” aksiyadorlik jamiyati yoshlar yetakchisi Boburbek Moʼminovni Fargʼona shahar hokimining birinchi oʼrinbosari lavozimiga tayinlash boʼyicha topshiriq bergandilar.

    Biz Boburbek Moʼminovga bogʼlanib, uning taassurotlari va rejalariga qiziqdik:

    "Oʼsha kungi uchrashuv Prezidentimiz aytganlaridek, hayotimni oʼzgartirdi. “Fargʼonaazot” АJ yoshlar Kengashi raisi sifatida 3 yildan buyon faoliyat yuritardim. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʼona filialini tamomlaganman. Yoshlar Kengashi raisi sifatida ketma-ket 3 yil viloyatda “Eng yaxshi yoshlar Kengashi” sifatida eʼtirof etilganman. Hozirda Prezidentimiz topshiriqlariga asosan, Fargʼona shahar hokimining birinchi oʼrinbosari lavozimida faoliyat yurityapman.

    Prezidentdan ishonch olib, lavozimga kirishish juda katta mas'uliyat ekanligini ilk ish kunimdan his qildim. Fargʼona shahrida sanoat, tadbirkorlik, qurilish, axborot-kommunikatsiya tarmogʼi, turizm, kambagʼallikni qisqartirish sohalarida aniq muammoli masalalarni hal etish boʼyicha tizimli ishlarni amalga oshirishning oʼzi boʼlmaydi. Bu konkret mexanizm talab etadi.

    Joylardagi vaziyatni atroflicha oʼrganish, aholi va tadbirkorlarning real muammolari bilan tanishish, kamchiliklarni bartaraf etish va qisqa vaqt ichida sezilarli natijalarga erishishga qaratilgan samarali yechimlarni ishlab chiqish, idoralar, sanoat birlashmalari, mahalla fuqarolar yigʼinlari bilan yaqindan faoliyat olib borishni rejalashtirganman.

    Shuningdek, investitsion faoliyatni kuchaytirish va mahalliy aholini tadbirkorlikka jalb etish borasidagi muvaffaqiyatli ishlarni olib borish maxsus qatlamlarni ish bilan taʼminlash masalasini hal etishga yordam beradi.

    Bilaman, men uchun oson boʼlmaydi, lekin Prezident bildirgan ishonch hammasini eplashim uchun menga katta motivatsiya".

    Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Аxborot xizmati