Oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari soni 141 tani tashkil etmoqda, jumladan, 26 ta nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari ochildi. Zero, 2016-yilda mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari soni 77 tani tashkil qilgan edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar oʻsishga erishildi.
Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining bayroqdori — flagmani sifatida respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilgʻor yutuqlarini oʻzida mujassam etadigan, barcha institut va universitetlarimizga namunaviy model boʻlib xizmat qiladigan — “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etilib, 2021/2022 oʻquv yilida unga 300 nafar yoshlar qabul qilinishi belgilandi.
Natijada, soʻnggi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi. Bu bilan umumiy qamrov darajasi 28 foizga yetdi. 2016-yili bu koʻrsatkich atigi 9 foizni tashkil qilar edi. Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar xotin-qizlarga oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani minglab oilalarga quvonch olib kirgani shubhasiz.
Shuningdek, tizimda oʻqishning kunduzgi shakli bilan birga kechki va sirtqi boʻlimlar faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga 329 ta taʼlim yoʻnalishi va 582 ta magistratura mutaxassisligi kiritildi.
Jumladan, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 235-bandida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident grantini joriy etish vazifasi belgilangan. Yoshlarni oʻz ustida muntazam ishlashga undash, ilm-fanga boʻlgan intilishlarini yanada ragʻbatlantirish hamda bilimli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mazkur band ijrosini taʼmilash maqsadida 2021-yil 6-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilinishi belgilangan.
Shuningdek, qarorda Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilgan. Bunda, abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan baliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi. Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan talabalar orasidan tanlov asosida aniqlash yoʻlga qoʻyiladi. Gʻolib talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va toʻlanadi. Agarda, oʻquv semestri yakuniga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmagan taqdirda, Prezident granti sohiblariga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya toʻlanmaydi.
Shuningdek, qarorda berilayotgan imtiyozlardan yana biri, oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Muxtasar qilib aytganda, Prezident grantining joriy qilinishi yoshlarni yanada ruhlantirish, bilim olishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ular uchun chinakamiga motivatsion kuch boʻlib xizmat qiladi. Buning natijasida ular orasidan kelajakda yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshadigan, bilimdon, zukko hamada Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish jarayonida kamarbasta boʻluvchi yosh mutaxassis kadrlar yetishib chiqishi uchun zamin yaratiladi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi