Belgilanishicha, OTMga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlar uchun kirish imtihonlari natijalariga koʻra, toʻplagan baliga nisbatan qoʻshilgan ball hisoblanmagan holda tatbiq etiladi.
2021/2022-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari kunduzgi boʻlimiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun butun oʻqish davri davomida “Prezident granti” stipendiyasini joriy etish va aʼlo baholarga oʻqiyotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan qizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun oyma-oy toʻlanadigan “Qizlar uchun maxsus stipendiya” tayinlash koʻzda tutilgan. Bunda, ularga OTM tomonidan belgilangan amaldagi stipendiya miqdorlari saqlab qolingan holda qoʻshimcha tarzda bazaviy stipendiya miqdorida maxsus stipendiya belgilanadi.
Prezident granti stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalar roʻyxati har yili kirish imtihonlari tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan soʻng 10 kun muddatda Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga oliy taʼlim muassasalari kesimida taqdim etiladi.
Prezident granti sohibi boʻlgan birinchi kurs talabalariga oʻquv yilining 1-semestri mobaynida Prezident stipendiyasi miqdoriga teng boʻlgan miqdorda stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
Oʻquv semestri natijalariga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlgan (kurs ishi, kurs loyihasi, amaliyot va xarbiy tayyorgarlik uchun olgan baholar bundan mustasno) talabalarga Prezident stipendiyasini toʻlash davom ettiriladi.
Oʻquv semestri natijalariga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmaganda, Prezident granti sohibi boʻlgan talabalarga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda oʻzlashtirayotgan talabalarga belgilangan miqdorda stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
Navbatdagi oʻquv semestri natijalariga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlgan, dastavval Prezident granti stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalarga Prezident stipendiyasi miqdoriga teng boʻlgan miqdorda stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlanadi.