Kengash aʼzolari sohaning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, tadqiqotchilar, mutaxassislar va ekspertlardan iborat boʻlib, mazkur Kengash paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida tashkil etildi.
Har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy tashkilot va urugʻchilik korxonasini belgilash; hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda koʻpaytirish va ekish boʻyicha klasterlarga topshiriqlar berish Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur Kengash tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar boʻyicha tavsiyalar beradi, gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash yuzasidan koʻrsatmalar ishlab chiqib, va tatbiq etadi.
Klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlarini ekish va urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik oʻgʻitlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar beradi. Shuningdek, paxtachilik yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining birinchi yigʻilishida tashkiliy masalalar qatorida Kengash Reglamenti, Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi, mazkur tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yoʻnalishidagi loyihalar roʻyxati tasdiqlandi.