Xabaringiz bor, 17-avgust kuni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning intervyusi chop etildi. Gazeta bosh muharriri Salim Doniyorov bilan boʻlgan ushbu suhbatda Oʻzbekistonning oxirgi 5 yillikdagi rivojlanish yoʻli, ichki va tashqi siyosati, hozirgi kundagi ustuvor vazifalar haqidagi soʻz boradi. Suhbat keng qamrovliligi, dasturiy ahamiyatga egaligi bilan barcha vatandoshlarimizda, shuningdek, xorijiy ekspertlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Shu bois ham, turli davlat va jamoat idoralarida, mehnat jamoalarida davlat rahbarining mazkur chiqishi katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda.
Bugun Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov boshchiligida viloyat sektor rahbarlari, 22 ta tuman-shahar hokimlari hamda tegishli mutasaddilar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida ham mazkur intervyuda koʻtarilgan muhim dasturiy vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Intervyuda ilgari surilgan vazifalarning har bir yoʻnalishi boʻyicha masʼul rahbarlar marrani aniq olishi, bugungi kun talabidan kelib chiqib, har qaysi darajadagi rahbar davlat va jamiyat oldidagi masʼuliyatini chuqur anglab, zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, muloqotda masʼullar oldida turgan joriy vazifalar, xususan, sanoat korxonalardagi ish jarayonlarini faollashtirish, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, investitsiya loyihalari borasida ishni samarali tashkil etish va hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlarini koʻtarinki ruhda oʻtkazish yuzasidan reja va topshiriqlar ijrosi muhokama qilinib, navbatdagi vazifalar kelishib olindi.