Prezident Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirdi

    Hukumat 2 Sentabr 2021 4518

    Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining 46-yillik anjumani boʻlib oʻtmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni ushbu anjumanga tashrif buyurdi.

    Tadbir avvalida Qurʼoni karim oyatlaridan tilovat qilindi.

    Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlab, Oʻzbekistonning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq soʻzladi.

    – Bankning yillik anjumani Toshkentda oʻtkazilishi oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Biz buni Oʻzbekistonning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mamlakatda soʻnggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi, deb hisoblaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.

    Maʼlumki, Islom taraqqiyot banki guruhi 1973-yil tashkil topgan. Bosh qarorgohi Saudiya Arabistonning Jidda shahrida joylashgan. Bugungi kunda bankka 57 ta davlat aʼzo boʻlib, ustav jamgʻarmasi 150 milliard dollarga teng.

    Oʻzbekiston Islom taraqqiyot bankiga 2003-yilda aʼzo boʻlgan. Bugungi kunga qadar jami 2,5 milliard dollardan ortiq boʻlgan 30 ta yirik investitsiya loyihasi maʼqullangan. Ular doirasida maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yoʻllari, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurilib, sogʻliqni saqlash muassasalari zamonaviy jihozlangan.

    Prezidentimiz Oʻzbekiston zamini asrlar davomida islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazlaridan biri boʻlganini taʼkidladi.

    Bu anʼanalarni davom ettirgan holda, mamlakatimizda islom qadriyatlarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro hadisshunoslik markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasi tashkil qilindi.

    Yangi maktablar, ilm-fan maskanlari barpo etildi. Soʻnggi besh yilda 64 ta yangi oliy taʼlim dargohi ochilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarga axborot texnologiyalari boʻyicha chuqur bilim berilmoqda.

    Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga toʻxtalib oʻtdi. Mamlakatimizda inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralarni oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot bankiga minnatdorlik bildirdi.

    Anjuman doirasida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolangani qayd etildi. Kapitali 500 million dollarga yetkazilishi koʻzda tutilgan mazkur jamgʻarma orqali kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi.

    Shavkat Mirziyoyev mintaqamizdagi ekologik muammolarni qayd etib, bank boshqaruvchilari eʼtiborini Birlashgan Millatlar Tashkiloti shaʼfeligida tuzilgan trast jamgʻarmasi hamda Orolboʻyi mintaqasida tashkil etilayotgan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini qoʻllab-quvvatlash masalalariga qaratdi.

    Mintaqamizda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish, yangi transport yoʻlaklarini rivojlantirish borasidagi ishlar qayd etib oʻtildi.

    Maʼlumki, bugun dunyo mamlakatlari iqlim oʻzgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy resurslar va oziq-ovqat yetishmovchiligi kabi sinovlarga duch kelmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz bank faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qator takliflarni bildirdi.

    “Gʻarbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha yashil yoʻlak” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi. Uning amalga oshirilishi oʻzaro savdo va sarmoyaviy aloqalar kengayishga, mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan birlashishi va barqaror oʻsishiga xizmat qiladi.

    Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bu erkin savdoni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sugʻurtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

    Koviddan keyingi davrda aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish muhimligi taʼkidlandi. Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamgʻarmasi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarni keng qoʻllash ayniqsa dolzarbdir.

    Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

    – Bugungi xalqaro anjuman bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va aʼzo mamlakatlar xalqlarining umumiy farovonligiga katta hissa qoʻshadi, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

    Tadbirda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir ham nutq soʻzladi.

    Anjuman 4-sentyabrgacha davom etadi.