Prezident maktablari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan bo'lib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o'qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va etakchilik ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Prezident maktablari respublikamizda ta'lim sifatini oshiruvchi o'ziga xos lokomotivga aylanishi lozim.
Prezident maktablarida o'quv jarayoni “STEAM – ta'lim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san'at, Mathematics — matematika) bo'yicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi.
Hozirgi kunda ilk Prezident maktablari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida faoliyat yuritmoqda. Mazkur maktablar tanlov asosida STEAM yo'nalishi bo'yicha tajribali xorijlik o'qituvchilar jalb qilingan.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan. Mazkur hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan biri mahalliy o'qituvchilarning xorij tajribasi asosida malakasini oshirishdir. Hamkorlik doirasida Prezident maktablarining xorijlik o'qituvchilari mahalliy hamkasblari bilan uchrashmoqda va STEAM fanlarini o'qitish bo'yicha metodologiyasi va tajribasi bilan o'rtoqlashmoqda.
Xezbon Opiti va Richard Keffer zamonaviy uslublar yordamida STEAM fanlarini o'qitish bo'yicha mahorat darsini o'tkazdi. Bu jarayonga maktab o'quvchilari ham jalb etildi.
Jaqsiliq Dauletnazarov esa o'z robototexnika va Scratch dasturida dasturlash bo'yicha maktab o'qituvchilari va o'quvchilari uchun mahorat darslarini tashkil etdi.