Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi Prezident maktablari bir vaqtda Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtdi va Cambridge International School (Cambridge xalqaro maktabi) maqomiga ega boʻldi. Bu haqda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Cambridge International School maqomini olish Nukus, Xiva, Namangan va Toshkentdagi Prezident maktablarining oʻquv rejalari va imtihon jarayonlari Cambridge oʻquv dasturining talab va standartlariga muvofiqligini tasdiqlaydi.

A-Level – bu Buyuk Britaniya taʼlim tizimiga oid taʼlim dasturi boʻlib, dasturni tamomlaganlar toʻliq oʻrta maʼlumot sertifikatiga ega boʻladi. Oʻquvchilar oʻqish natijalariga koʻra imtihon topshirishadi va A-Level sertifikatini olishadi. Shundan soʻng sertifikat egalari oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat dasturlariga qabul qilinishlari mumkin. A-Level imtihonlari natijalariga koʻra, universitetlarning qabul komissiyalari abituriyentning bilim va koʻnikmalarini baholaydi va oliy taʼlim muassasasiga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) va Prezident maktablari maʼmuriyati 2020-yil boshida Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish boʻyicha tayyorgarlik koʻrishni boshlagan edilar.

Akkreditatsiya jarayoni bir necha bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Oxirgi bosqichda Cambridge Assessment International Education mutaxassislari taʼlim muassasasiga kelib, akkreditatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilishadi. COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan britaniyalik mutaxassislar Prezident maktablariga “virtual tashrif” uyushtirdi va taʼlim muassasalarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qildi.

— Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish Prezident maktablari oʻquvchilarining yuqori standartlarga muvofiq bilim olishlarini tasdiqlaydi. Imtihonlar natijalariga koʻra, bitiruvchilarimizning Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar universitetlariga kirish imkoniyatini beradigan A-Level sertifikatni olishi oʻquvchilarimiz uchun bonus boʻladi, — dedi PIIMA direktori Hilola Umarova.

Prezident maktablari, shuningdek, PIIMA tizimiga kirmaydigan taʼlim muassasalarida tahsil olmaydigan va A-Level sertifikatni qoʻlga kiritish istagida boʻlgan oʻquvchilar ham A-Level imtihonlari uchun roʻyxatga olinadi va imtihon topshiradi.

Shuningdek, Prezident maktablari 9-sinfni bitirgan oʻquvchilar uchun Xalqaro oʻrta taʼlim sertifikati (IGCSE) imtihonlarini oʻtkazish imkoniyatiga ham ega.