Prezident maktablari imtihonlarining 2-bosqichidan oʻtolmagan oʻquvchilar ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinadi

    Ta'lim 25 Aprel 2023 5058

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga hujjat topshiradigan talabgorning baholariga hech qanday talab qoʻyilmaydi.

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Ixtisoslashtirilgan taʼlim mussasalari agentligi axborot xizmati rahbari Joʻrabek Jangirov 2023/2024 oʻquv yili uchun oʻquvchilarni qabul qilish yuzasidan maʼlumot berdi:

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida qanaqa yoʻnalishlar tashkil etiladi va qaysi sinflarga necha nafar oʻquvchilar qabul qilinadi?

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari 2 xil, yaʼni aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishida tashkil etiladi.

    aniq fanlar yoʻnalishiga qabul 5 — 11-sinflarga, tabiiy fanlar yoʻnalishiga 7 — 11-sinflarga, keyingi oʻquv yillarida 5 va 7-sinflarga amalga oshiriladi.

    Har bir sinfga 24 nafardan oʻquvchilar qabul qilinadi.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga qachon va qanaqa hujjatlar topshiriladi?

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining tanlovida ishtirok etish uchun xohish bildirgan oʻquvchining ota-onasi joriy yilning iyun oyida Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda quyidagi hujjatlarni topshiradilar:

    - talabgorning oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;

    - talabgor va uning ota-onasi (qonuniy vakillari)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari aloqa uchun telefon raqami platformaga kiritiladi.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga hujjat topshirish uchun oʻquvchining baholariga qanaqa talab qoʻyiladi?

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga hujjat topshiradigan talabgorning baholariga hech qanday talab qoʻyilmaydi.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga imtihonsiz kirish imtiyozi bormi, bor boʻlsa qanday imtiyozga ega boʻlgan oʻquvchilar imtihonsiz kira olishadi?

    Roʻyxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida gʻolib va sovrindor boʻlgan (1, 2, 3-oʻrinlar) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻz hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan maktablarga umumiy qabul parametrlari doirasida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.

    Shuningdek, Prezident maktablarining 5-sinf kirish imtihonlari

    2-bosqichida ishtirok etib, oʻqishga kira olmagan talabgorlar hujjat topshirish jarayonida oʻz hududidagi oʻzlari tanlagan ixtisoslashtirilgan maktablardan birida oʻqish istagini bildirgan taqdirda kvotaning 50 foizi doirasida ballar ketma-ketligi asosida imtihonsiz mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.

    Bunda, talabgorlar Prezident maktabiga saralash imtihonlarining ikkinchi bosqich javoblari eʼlon qilingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni davomida ixtisoslashtirilgan maktab direktori nomiga oʻqishga qabul qilishni soʻrab ariza bilan murojaat etishlari lozim.

    Oʻquvchi Respublikadagi xohlagan Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga hujjat topshira oladimi?

    Oʻquvchilar faqat oʻzlari oʻqiyotgan umumtaʼlim muassasasi joylashgan hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri)dagi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga oʻqishga qabul qilinadi.

    Shuningdek, Respublikaning turli hududlaridagi talabgorlar Agentlik tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga hamda Mirzo Ulugʻbek va Abu Ali ibn Sino nomidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarning 7-sinfiga parallel ravishda hujjat topshirishlari mumkin.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanaqa tartibda oʻtkaziladi?

    Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test sinovi shaklida oʻtkaziladi:

    Aniq fanlar yoʻnalishida:

    - matematika (mantiqiy fikrlash) fani;

    - fizika fani (7-sinf va undan yuqori sinflar uchun);

    - ingliz tili fani;

    Tabiiy fanlar yoʻnalishida:

    - biologiya fani;

    - kimyo fani (8-sinf va undan yuqori sinflar uchun);

    - matematika fani;

    - ingliz tili fani.

    Kirish imtihonalarining natijalari qachon eʼlon qilinadi?

    Kirish imtihonlari natijalari Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalarida imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun mobaynida eʼlon qilinadi.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida oʻqish uchun pul toʻlanadimi, oʻquvchilar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining kirish imtihonlaridan oʻtgan oʻquvchilar toʻliq bepul taʼlim olishadi.

    Oʻquvchilar uchun maktabda quyidagi sharoitlar yaratilgan:

    - Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida zamonaviy yotoqxona bilan taʼminlanadi,

    - Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining yotoqxonasida qoladigan oʻquvchilar 1 kunda 5 mahal bepul ovqatlanishadi,

    - darsdan soʻng toʻgarak mashgʻulotlariga jalb qilinadi,

    - turli xil sport turlari (futbol, volleybol, basketbol, suzish, tennis va b) bilan shugʻullanishadi;

    - oʻquvchilarga sunʼiy intellekt, robototexnika, IELTS, TOEFL va SAT boʻyicha qoʻshimcha kurslar tashkil etiladi;

    - 10 va 11-sinflar oʻquvchilarining amaliyoti yaqin hududlarda joylashgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tashkilotlarida oʻtkaziladi.

    Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga qabul qilingan oʻquvchilar qanday hollarda boshqa hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga oʻqishini koʻchirishi mumkin?

    Ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari davlat tashkilotlarida ishlaydigan ota-onasining ish joyi bitta hududdan boshqa hududga oʻzgargan taqdirda, oʻsha hududdagi ixtisoslashtirilgan maktabda boʻsh oʻrin mavjud boʻlganda oʻquvchining oʻqishini koʻchirishga ruxsat etiladi.

    Qoʻshimcha maʼlumotlar:

    Umumtaʼlim muassasalarining tegishli sinflarida oʻqishni toʻliq tamomlagan talabgorlar Ixtisoslashtirilgan maktablarning shunday sinfida takroran oʻqishni talab qilish huquqiga ega emaslar.

    Quyidagi holatlarda hujjatlarni qabul qilish rad etiladi:

    - belgilangan muddatlardan keyin saralash tanlovida ishtirok etish xohishini bildirgan taqdirda;

    - talabgor tahsil olayotgan maktabning hududiy mansubligi Ixtisoslashtirilgan maktabining hududiy mansubligiga mos kelmagan holda;

    - ixtisoslashtirilgan maktabga kirish imtihonlaridan oʻtish uchun tegishli hujjatlarni toʻliq taqdim etmaganda.

    Hujjatlarni taqdim etish paytida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi boʻyicha masʼuliyat talabgorning ota-onasiga (qonuniy vakillariga) yuklatiladi.

    Kirish imtihonlari takroran oʻtkazilmaydi.

    Kirish imtihonlari natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari boʻyicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi.