Prezident maktablariga ishga kirmoqchi boʻlgan pedagog kadrlarga qanday talablar qoʻyiladi?

    Ta'lim 24 Aprel 2021 2188

    AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova savollarga javob berdi.

    Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda hududlarda qurilayotgan Prezident maktablariga malakali pedagog kadrlarni jalb qilish, ularni saralash maqsadida Agentlik tomonidan job.piima.uz sayti tashkil etildi.

    Pedagog kadrlarga tanlov quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:

    ✔️Veb-saytda ariza berish va hujjatlarni taqdim qilish;

    ✔️test sinovlari;

    ✔️suhbat (onlayn/oflayn)

    Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar muvofiq shaklda job.piima.uz veb-sayt orqali murojaat qilishi lozim.

    Test Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat kilish davlat inspeksiyasi tomonidan tuzilgan test sinovlari asosida oʻtkaziladi. Nomzod onlayn test-platformasi orqali yoki qogʻoz varianti shaklida 40 savoldan iborat test topshiradi. Test sinovlari 100 ballik tizimda boʻlib, undan 50 va undan yuqori ball olgan nomzod suhbatga chaqiriladi.

    Suhbat jarayonida berilgan savollar va ularga berilgan ballar maxsus shaklda qayd etiladi.

    Suhbat yakunlari boʻyicha komissiya aʼzolari tomonidan nomzodga qoʻyilgan ballar avtomat tarzda umumlashtiriladi va oʻrtacha ball hisoblab chiqariladi.Suhbat jarayonida 65 balldan yuqori olgan nomzod ishga taklif qilinadi.

    Teng natijalar yuzaga kelgan holda, yaʼni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball toʻplagan vaziyatda, nomzodni tanlash tanlov komissiyasi ixtiyoriga qoldiriladi.

    Nomzod tanlov jarayonida uzrsiz sababga koʻra ishtirok etmagan boʻlsa, unga nisbatan “tanlovdan oʻtmadi” degan qaror chiqariladi.

    Ushbu sayt Agentlik tizimidagi maktablarga malakali pedagog kadrlarni jalb etish jarayonlarining ochiqlik va shaffofligini taʼminlash uchun tashkil etildi. Talabgorlar qatʼiy belgilangan mezon asosida tanlab olinadi. Saralash bosqichma-bosqich oʻtkaziladi va barcha maʼlumotlar saytga joylanadi. Nomzodlar qaysi bosqichda, qanday natija koʻrsatganliklarini kuzatib borish imkoniyatiga ega.

    Bundan tashqari sayt bazasida malakali pedagog kadrlarning oʻziga xos zaxirasi tashkil etiladi. Bu keyinchalik tizimdagi maktablarga kadrlar zarurati tugʻilganda, ularni jarayonga jalb etishda qoʻl keladi.