Uchrashuvda Markaziy bank raisi mehmonni joriy pul-kredit siyosati va mamlakat bank tizimida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Taʼkidlanganidek, dunyoning yetakchi iqtisodiyotlarini qamrab olgan koronavirus pandemiyasiga qaramay regulyator islohotlarni avval tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq davom ettirdi.

Shu bilan birga, Markaziy bank pandemiya tufayli dunyoda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, “Pul-kredit siyosatining 2021-yil va 2022-2023-yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari”ni tasdiqladi. Unga koʻra, makroiqtisodiy rivojlanish uch xil – asosiy, optimistik va xatarli ssenariy asosda ishlab chiqildi.

Muloqot davomida bank tizimini isloh qilish sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, birinchi bosqichda korporativ boshqaruvni yaxshilash orqali bank tizimini transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda banklarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etildi.

Shundan keyingina davlat ulushini sotish orqali bosqichma-bosqich xususiylashtirish koʻzda tutilmoqda. Ushbu jarayonda boshlangan tarkibiy oʻzgarishlarni davom ettirish uchun salohiyatli strategik investorlarni jalb qilishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Suma Chakrabarti Markaziy bankning monetar siyosati va bank tizimida amalga oshirayotgan ishlariga yuqori baho berdi hamda rejalashtirilgan islohotlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.