Murojaatnomani men ham fuqaro, ham deputat sifatida katta mamnuniyat bilan qarshi oldim. Boisi Prezidentimiz tomonidan bizning zimmamizga ham bir qator dolzarb vazifalarning bajarilishi boʻyicha katta ishonch bildirildi. Endilikda biz, deputatlar Murojaatnomadan oʻrin olgan vazifalarni fidoyilik bilan bajarib, ushbu yuksak ishonchni oqlashga harakat qilamiz.

Mazkur Murojaatnomada barcha soha va tarmoqlar qatori tadbirkorlikni rivojlantirish, bu orqali yoshlar va ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, OʻzLiDePning saylovoldi dasturidan Oʻzbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan oʻrin olishini taʼminlash, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini ragʻbatlantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga yoʻnaltirilgan faol investitsiyaviy siyosat yuritilish oʻrin olgan.

Partiyamiz Oʻzbekistonning “Biznesni yuritish”, global raqobatbardoshlik (GCI), innovatsiyalar (GII), sanoatning raqobatbardoshligi indekslari boʻyicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan oʻrin egallashiga koʻmaklashadi.

Shuningdek, biz saylovoldi dasturimizda biznes yuritishning olis istiqbolga moʻljallangan imkoniyatini taʼminlash, bugungi kunda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari mavjudligini inobatga olib hamda davr talablaridan kelib chiqib tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish va liberallashtirish maqsadida yagona Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqishni maqsad qilib olgan edik.

Davlatimiz rahbari oʻz Murojaatlarida “Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi” deya taʼkidlaganlari barcha partiyamiz hayrixohlarini birdek quvontirdi.

Prezidentimizning “Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish boʻyicha yana-da qulay sharoitlar yaratiladi. Bir narsani alohida taʼkidlash kerak, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qoʻshdilar. Shuning uchun barchamiz tadbirkorlarga yelkadosh boʻlib, ularni doimo qoʻllab-quvvatlashimiz shart. Bu borada ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash – barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasi boʻlishi lozim”, deganliklari tadbirkorlar hamisha davlat rahbari eʼtiborida ekanligidan dalolat beradi.

Yurtimizda kelgusida tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qoʻshimcha 100 million dollar yoʻnaltiriladi.

Iqtisodiyot rivojlanishining innovatsion yoʻliga oʻtishini ragʻbatlantiruvchi raqobatbardosh bozorni shakllantirish, raqobatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish va ichki bozorning monopollashuviga yoʻl qoʻymaslik, davlat-xususiy sherikchiligini takomillashtirish – partiya iqtisodiy siyosatining eng muhim yoʻnalishidir. Xususan, mamlakatimizda Davlat xizmatlari sifatini oshirish, zamonaviy xalqaro standartlar va korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, davlat xaridlarining samaradorligi va shaffofligini taʼminlash borasida ham qator islohotlar olib borilmoqda. Kelgusida Tadbirkorlar akademiyasini, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirishni ham partiyamiz oʻz oldiga maqsad qilib olgan.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslar yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, fuqarolarning hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu tarixiy nutq kelgusi faoliyatimizda yoʻlchi-yulduz vazifasini bajaradi.

Rahmatullo KAMOLOV,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati.