OʻzLiDeP Margʻilon shahar Kengashi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Margʻilon shahar boʻlinmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan shahardagi 7-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlari ishtirokidagi davra suhbatida Murojaatnomada tibbiyot sohasiga alohida urgʻu berilgani, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish borasida qilinishi zarur boʻlgan ishlar haqida atroflicha suhbatlashildi. Shuningdek, birlamchi boʻgʻinda umumiy amaliyot shifokori oʻrniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar oʻrta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilishi Murojaatnomadan oʻrin olgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, OʻzLiDeP Quvasoy shahar Kengashi tomonidan shahar Madaniyat uyida oʻtkazilgan tadbirda OʻzLiDePdan saylangan shahar Kengashi deputati O.Xudoyberdiyev ishtirok etib, soʻnggi yillarda yurtimizda xalqimizning madaniy-maʼrifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganini faxr bilan aytib oʻtdi.

Uchkoʻprik tuman Davlat Solik Inspeksiyasida tuman Kengashi deputati Z.Mahkamova ishtirokida oʻtkazilgan muloqotda Murojaatnomada soliq tizimi sohasida olib borilayotgan islohotlar va kelgusida bu tizimda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida soʻz yuritdi. Jumladan, joriy yilda “Soliqchi – koʻmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi maʼlumotlarni olish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, oʻzini oʻzi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi taʼkidlandi.

Ayni vaqtda OʻzLiDeP Fargʻona viloyati, tuman-shahar Kengashlari va deputatlik guruhlari tomonidan joylarda Prezidentimiz Murojaatnomasining mohiyatini oʻrganishga qaratilgan tadbirlar viloyat boʻylab davom etmoqda.

Sh.TOʻXTAMATOV,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi.