«Siz, aziz sportchilar Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan 17-yozgi Paralimpiya oʻyinlarida rekord natijalarga erishib, mamlakatimizga mana shunday bayram ruhini olib keldingiz.
Barchangizni olamshumul yutuq va natijalaringiz bilan oʻz nomimdan, el-yurtimiz nomidan chin yurakdan samimiy tabriklayman», — dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Ushbu xalqaro sport anjumanida dunyoning 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin eng kuchli va mahoratli sportchilar ishtirok etgani uning nufuzi va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.
«Shu maʼnoda, Paralimpiya oʻyinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Siz, azmu shijoatli farzandlarimiz gʻoyat keskin bellashuvlarda yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz», — dedi Prezident.