Mamlakatimizda ham chet elda ishlash istagidagi fuqarolar bor, boshqa davlatlarda esa ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori. Ushbu ikki imkoniyatni o‘zaro bog‘lash soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari oldida turgan asosiy vazifa ekani qayd etildi.
– Inson o‘z kasbini puxta egallasin, o‘z qadrini bilsin, o‘z yurtiga tayana olsin! – dedi Prezidentimiz.
So‘nggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasiga munosabat tubdan o‘zgardi. Ilgari bu yo‘nalishda 3 ta davlat bilan ish olib borilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar qariyb 400 taga ko‘paydi.
Chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni o‘n yilda ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshdi. Bu, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqaro mehnat bozorida o‘zbek mutaxassislariga munosabat o‘zgarib, odamlarimiz chetga oddiy ishchi emas, malakali kadr sifatida borayotganini ko‘rsatadi.