Anʼanaga koʻra, tadbir avvalida raislik qiluvchi davlat madhiyasi va Qurʼon oyatlari yangradi.
Ayni vaqtda davlatimiz rahbari anjumanda nutq soʻzlamoqda:
“Bankning yillik anjumani Toshkentda oʻtkazilishi oʻziga xos ramziy maʼnoga ega.
Biz buni Oʻzbekistonning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mamlakatda soʻnggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi, deb hisoblaymiz.
Oʻzbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulugʻ namoyandasi Imom Al Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir”.
Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom taraqqiyot banki guruhining yillik uchrashuvini jonli ravishda oʻtkazishga muvaffaq boʻlayapmiz.
Taʼkidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi boʻlib tashkil etilgan nufuzli anjumandir".
Davlatimiz rahbari Islom taraqqiyot bankining barcha aʼzo davlatlari vakillari nomidan Muhammad Al-Jassirni bank Prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi va yurtimiz bilan hamkorlik faoliyatining muhim qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimizning islom dunyosi bilan koʻp asrlik aloqalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
"Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Islom taraqqiyot bankiga bundan 18 yil avval aʼzo boʻlgan. Ayni vaqtda yurtimizning Islom dunyosi bilan aloqalari ming yildan ziyod tarixga egadir.
Asrlar davomida Oʻzbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri boʻlganidan sizlar albatta xabardorsiz.
Qadimiy Oʻzbekiston – yaʼni, Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlar yurtidir.
Buxorolik buyuk ulamo – imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, imom Al-Buxoriy va imom At-Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir.
Buxoroi sharif musulmon olamida “Qubbat-ul islom”, yaʼni, “Islom dinining gumbazi” nomi bilan maʼlum va mashhurdir.
“Jorulloh” (“Allohning qoʻshnisi”) degan sharafli nom bilan ulugʻlangan Xorazmlik alloma Mahmud Az-Zamahshariy arab tili grammatikasi rivojiga ulkan hissa qoʻshganligi sizlarga yaxshi maʼlum, deb oʻylayman.
Makkai mukarramadagi “Masjid ul-Haram” yaqinida yashagan bu benazir olimning grammatikaga oid “Al-Mufassal” asari, arabcha-forscha lugʻat kitobi Sharq davlatlari oliygohlarida koʻp asrlar mobaynida asosiy darslik va qoʻllanma vazifasini bajargan".
Davlatimiz rahbari yurtimiz islom tamadduniga qoʻshgan hissasi haqida:
"Yurtimizning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi buyuk Amir Temur hukmronligi davrida yanada yorqin namoyon boʻldi.
Sohibqiron bobomiz poytaxti Samarqand boʻlgan oʻz davrining eng qudratli davlatini barpo etdi.
Oʻz tarkibiga bepoyon hududlarni qamrab olgan ushbu ulkan saltanat oʻsha davrdagi islom dunyosining asosiy mintaqalarida iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni yuksak choʻqqilarga olib chiqdi.
Aynan ana shunday mustahkam poydevorga, Sharq uygʻonish davrida butun musulmon olami erishgan ulkan ilmiy, falsafiy va madaniy salohiyatga tayanib, bizning ulugʻ bobolarimiz ham oʻzlarining buyuk kashfiyot va ixtirolarini yaratganlar.
Bu haqda gapirganda, dunyo koronavirus pandemiyasi bilan toʻqnashganda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti birinchi navbatda Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan karantin usullaridan foydalanishga chaqirganini eslash oʻrinlidir.
Bundan ming yil oldin bu ulugʻ hakim “Tib qonunlari” kitobida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini taʼkidlagan edi.
Bagʻdoddagi mashhur “Bayt al-Hikma” ilmiy akademiyasini boshqargan yana bir vatandoshimiz Muhammad Al-Xorazmiy ilk marotaba raqamlar qatoriga “nol” belgisini kiritib, matematikaning yangi yoʻnalishi, yaʼni “algebra”ga asos solgan.
Shuningdek, zamonaviy “Ay-Ti” sohasining fundamental “algoritm” tushunchasi ham ana shu ulugʻ ajdodimiz Al-Xorazmiy nomi bilan bogʻliqdir.
Samarqand hukmdori, buyuk astronom Mirzo Ulugʻbek 1018 ta yulduzning koordinatlari aniq koʻrsatilgan, bir necha asrlar dunyoning oliy taʼlim dargohlarida darslik boʻlib xizmat qilgan “Ziji Koʻragoniy” jadvalini tuzgan.
Geodeziya fanining “otasi” hisoblanadigan Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin birinchi globus va Yerning eng aniq xaritasini yaratgan.
Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin".
Bugun buyuk ajdodlarimiz anʼanalarini davom ettirgan holda, biz islom olami bilan mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Jumladan, soʻnggi yillarda Imom Al-Buxoriy nomidagi Xalqaro hadisshunoslik markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasini tashkil etdik.
Shuningdek, yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Birgina 2020-yilda yurtimizda matematika fani boʻyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʻyicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
Yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim dargohi ochilib, ularning soni 141 taga yetkazildi.
Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati bilan birgalikdagi “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida qariyb 600 ming yoshlarimizga zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha chuqur bilim berilmoqda.