Otaxon mehnat faoliyatini 15 yoshida kolxozda suvchilikdan boshlagan. Keyinroq tumanda tashkil etilgan boʻrdoqichilik chorva fermasida 40-yil mehnat qildi.
2011-yilda nafaqaga chiqqach, tomorqasida uzumchilik bilan shugʻullana boshladi. Uzoq yillar uzum yetishtirib, tok parvarishining hadisini oldi. Hozir uzumning rizamat, husayni, kelin barmoq, shohonaki, ketmon sop kabi navlarini koʻpaytirmoqda. Otaxon yangi “abatar” navini payvand qilganini aytdi.
Tursunboy ota turmush oʻrtogʻi Inoyatxon aya bilan 3 oʻgʻilni tarbiyalab elga qoʻshdi. Bugungi kunda chol-kampir 16 nafar nevara-chevara ardogʻida. Oʻgʻillari Azizjon, Azimjon Azamatning katta tomorqalarida ham uzumning koʻplab navlari parvarish qilinmoqda.
– Prezidentimizning tumanimizga tashrifi mening hayotimda eng baxtli, esda qolarli kun boʻldi, – deydi Tursunboy ota. – Tashrif chogʻida Yurtboshimiz menga “Treker” avtomashinasini sovgʻa qildi. Keyin mahalladagi uzum yetishtiruvchilarga murabbiylik qilishimni aytdi. Ishonsangiz, haligacha hayajonim bosilgani yoʻq. Xushxabarning qoʻshqanoti boʻladi, deganlaridek, mahalla- koʻy, tumanimiz, viloyatimiz, qolaversa, vodiydagi qarindoshlar, doʻst-birodarlarning tabriklari ogʻushida yashayapman. Fargʻona vodiysining Oltiariq tumanidagi Uzumchi mahallasi singari endi bizning mahalla aholisi ham uzumchilik bilan shugʻullanadi. Hamqishloqlarimga bu borada qoʻlimdan kelganicha xizmat qilaman.
Otaning kenja oʻgʻli Azamat anchadan buyon Rossiyada ishlardi. Davlat rahbari tashrifidan xabar topgach, uydagilarga “Qanday zoʻr imkoniyatlar berilayapti. Men endi oʻzimizda ishlayman, deb 3-4 kun oldin uyiga qaytib keldi. Endi kredit olib parrandachilik bilan shugʻullanish niyatida.
Ayni kunlarda otaxonning hovlisi uzumchilikka qiziqqan bogʻbonlar bilan gavjum. Prezidentimizning sovgʻasi minglab odamlarni, ayniqsa, yoshlarni mehnatga ruhlantirmoqda.