Hozirda 36 ta davlat oliygohida ushbu yoʻnalishda 264 ming bakalavr, 3 ming magistr oʻqimoqda. Yiliga 67 ming nafar talaba bitirmoqda.
Lekin, texnika oliygohlarida yoʻnalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emas. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yoʻnalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida oʻqitilmaydi.
Oqibatda muhandislarning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalishida ishlamayapti.
Davlatimiz rahbari bu borada yana bir misolni keltirdi.
Joriy yilda toʻqimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish oʻrni yaratiladi. Shundan 4 mingta muhandisga talab bor.
Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yoʻnalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Fargʻonada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yoʻgʻi 153 nafar talaba bitirmoqda.
Hokimlar oʻz hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj boʻla turib, rektorlar bilan ishlamayotgani, oliygohlarga buyurtma bermayotgani tanqid qilindi.