“CRAFERS” qandolatchilik fabrikasida tayyorlangan “Prezident sovgʻasi” Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun moʻljallangan.
3 dan 15 yoshgacha boʻlgan 10 ming nafar bolaga moʻljallangan “Prezident sovgʻalari” tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yoʻllangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi oʻquv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat jihozlari kiritilgan.
Shuningdek, joriy yilda mazkur sovgʻalar tarkibiga Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta boʻlgan 1 095 nafar tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar ham kiritildi.
Qayd etilganidek, “Prezident sovgʻasi” mamlakatimizning 10 ta hududi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlariga “Oʻzbekiston havo yoʻllari” orqali, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlariga hududiy Davlat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari kuzatuvi ostidagi avtotransport vositalarida yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bugun mazkur “Prezident sovgʻasi”ning dastlabki karvoni Toshkent shahridan joʻnab ketdi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.
“Prezident sovgʻasi” joriy yil 29-30-dekabr kunlari Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga hududiy hokimliklar tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.