Prezident sovrini uchun kurash bo'yicha xalqaro turnir o'tkazildi

    Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Xorazmda O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab xalqaro turnir o‘tkazildi.

    Ta’kidlash joizki, milliy kurashimiz, eng avvalo, polvonlarning har tomonlama etukligi namunasi sifatida sharaf topgan. Ularning jismoniy baquvvatligi, qaddi-qomati, kurashchanligi, epchillik jihatlari bir tomon, keng davrada o‘zini tutishi, odobi, ma'naviy qiyofasi, raqibiga, tevarak-atrofga munosabati kabi xislatlari alohida ko'rinishda o'rin egallagan. Shuningdek, kuragi erga tegmagan pahlavonlarga piru ustoz sifatida ergashish, pandu nasihatlariga amal qilish ham hamisha o'ziga xos qutlug' an'ana bo'lib kelgan. Fikrimizning yaqqol namunasi xorazmlik mashhur shoir va zabardast polvon Pahlavon Mahmud timsolida mujassamlashgan.

    O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmuddek buyuk bobomiz xotirasiga bag'ishlab o'tkazib kelinayotgan xalqaro turnir milliy sportimiz, kurashimiz rivojida yuqori nufuzga ega turnir sanaladi.

    Markaziy Osiyo davlatlari orasida o'tkazilayotgan ushbu turnirda Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'istondan polvonlar ishtirok etdi.

    2001-2003 yillarda tug'ilgan yosh polvonlar 55, 66, 73, 81, +90 kg., qizlar esa 57, 63, +70 kg. vazn toifasida o'zaro bellashdi.

    Turnirning ochilish marosimi ham tantanavor tarzda o'tkazildi. Unda so'z olganlar yurtimizda sportni, ayniqsa milliy kurashimizni rivojlantirishga Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida e'tibor qaratilayotganini e'tirof etdi.

    Murosasiz o'tgan bahslar yakunida eng kuchli polvonlar o'z vazn toifalariga g'oliblikni qo'lga kiritib, Prezident sovriniga ega bo'ldi. Jumladan, yigitlar o'rtasida o'zbekistonlik polvonlar – Xurshid Choriev (55 kg.), Nurfayz Bahriddinov (66 kg.), Alimardon Abdulahatov (73 kg.), Abdulaziz Abdulazizov (81 kg.), Jahongir Mamatrahimov (90 kg.) va Muhammadqodir Mansurov (+90 kg), qizlar o'rtasida Sitora Elmurodova (52 kg.), Olya Hamidova (63 kg.), Shahnoza Bozorova (70 kg.) va Pokizaxon Kamoldinova (+70 kg.) vazn toifasida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.

    Birinchi o'rin sohiblariga Prezident sovrini sifatida 2000 AQSh dollari, 2 o'rin egalariga1000 AQSh dollari, 3 o'rinni qo'lga kiritgan polvonlarga esa 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti taqdim etildi.

    Musobaqa ishtirokchilari Xiva shahrini tomosha qildi. Bu erda ular uchun mashhur polvonlar ishtirokida mahorat darslari ham tashkil etildi.