Unga koʻra, pedagog xodim deganda taʼlim tashkilotlarida (bogʻcha, umumtaʼlim maktabi, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum, oliy va undan keyingi taʼlim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari) pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar tushuniladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda birgina xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning oʻzida yarim milliondan ortiq pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ushbu taʼlim muassasalarida 6,5 millionga yaqin oʻquvchilar taʼlim olib kelmoqda.

Pedagog xodimlarni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash 
va ularga zarur shart-sharoit yaratish taʼlim va tarbiya jarayonining sifatini oshishida alohida ahamiyatga ega. Rivojlangan xorijiy davlatlarda ham pedagog xodimning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasi qonun darajasida belgilangan.

Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

1) pedagog xodimlarning shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini toʻlashdan ozod etish;

2) pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;

3) pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;

4) pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni daromad soligʻidan ozod etish;

5) pedagog xodimga ellik olti ish kunidan iborat yillik haq toʻlanadigan uzaytirilgan taʼtil, shuningdek, taʼtil berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sogʻligʻini tiklash uchun moddiy yordam berish;

6) pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va koʻp yillik xizmati uchun ustama toʻlash tizimini joriy etish;

7) pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;

8) oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, ammo taʼlim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni oliy taʼlim muassasalariga pedagogika yoʻnalishi boʻyicha imtiyozli asosda oʻqishga qabul qilish.

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilishi uchun joylashtirildi ( https://regulation.gov.uz/uz/d/25127). Ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflaringizni kutib qolamiz.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi