Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurib, qardosh turk xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. Prezident bilan uchrashgan turk elchisi Olgan Bekar hozirda zilziladan aziyat chekkan Turkiyaga koʻmak zarurligini aytgan.
Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga koʻra, zilzila sodir boʻlgan kunning oʻzida Oʻzbekistondan 100 dan ortiq maxsus qutqaruvchilar Turkiyaga yuborilgan. Undan tashqari, insonparvarlik yordamlari ham qardosh mamlakat chegarasini kesib oʻtgan.
Koʻplab yurtdoshlarimiz turk xalqiga insonparvarlik yordami yuborishni istayotgani ammo yuklarni joʻnatishda qiyinchiliklarga uchrayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz munosabatlarini bildirgan.
Turkiya elchixonasi mamlakatimizda yigʻilayotgan bu yuklarni jamlash va tegishli manzillarga yetkazish boʻyicha yetarli darajada imkoniyati mavjud emasligi yuzasidan Prezidentimizga murojaat qilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish maqsadida Bosh vazir Abdulla Aripovga "Tashkent INDEX«da Turkiyaga yuboriladigan insonparvarlik yordami koʻrinishidagi mahsulotlar yigʻiladigan asosiy baza yaratish boʻyicha topshiriq berdi.
Mazkur topshiriqqa asosan, bugun 11-fevral kuni Bosh vazir Turkiyaning mamlakatimizdagi elchisi Olgan Bekarni "Tashkent INDEX«ga taklif qilib, bu yer vaqtincha Turkiyaga insonparvarlik yordami koʻrinishida hayotiy zarur vosita va mahsulotlar jamlanadigan markazga aylantirilishini maʼlum qildi.
Asosiy baza boʻlishi kutilayotgan 16 ming kvadrat metrlik "Tashkent INDEX” da ayni paytda 21 ta angar bor. Bu angarlarga mahsulotlar turiga qarab jamlanadi.
«Hurmatli Prezidentimiz topshiriq berdilar, yurtdoshlarimiz turk xalqiga yordam berishni istashyapti va har xil joylarda markazlar tashkil etishyapti. Mahsulotlarni Turkiyaning talafot koʻrgan yeriga yetkazib berish juda qiyin masala. Buni juda yaxshi bilamiz u yerlarning atrofi oʻrab qoʻyiladi. Elchixona tomonidan ayni paytda turk birodarlarimizga zarur boʻlgan mahsulotlarning roʻyxati taqdim etilsa, bu roʻyxat homiylarga beriladi. Mahsulotlarni Turkiyaga yetkazilishini ham chiroyli holatda oʻzimiz tashkil qilib beramiz”, dedi Bosh vazir.
Bunga javoban elchi haqiqatdan shunday katta joyga ehtiyoj sezilganini aytib, hozirda bu ishlar katta masshtabda amalga oshirilayotgani uchun davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va oʻzbekistonliklarga Turkiya tomonining chuqur minnatdorchiligini yetkazdi.
Maʼlumot uchun: pul mablagʻlari koʻrinishida qardosh turk xalqiga yordam berishni istagan yurtdoshlarimiz Turkiya elchixonasi tomonidan Ziraat Bankʼning Toshkent filialida ochilgan maxsus hisob raqami orqali amalga oshirishlari mumkin.