Tadbirda ikki mamlakatning 300 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmonlik tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Pokiston tomonidan “PEL”, “Waves Singer”, “Sadaqat”, “Fauji”, “Platinum”, “Fast Cables”, “National Fruit”, “Amson Group”, “Shaigan”, “Hans International”, “Secure Logistics Group”, “NLC”, “Fairmont”, “Go Dairy”, “Engro”, “Herbion”, “AGP”, “Arco”, “Habib Rafiq”, “Pakistan Steel Mills”, “Siddiq Sons”, “Uniworth”, “Diners”, “Fatima Group”, “Fateh Group”, “Hub Leather”, “Siddiq Leather”, “Royal Leather”, “Davis”, “Ahsan Dyeing” va boshqa koʻplab kompaniyalar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida oliy darajadagi muzokaralar Oʻzbekiston – Pokiston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jihatdan rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzaro aloqalar tarixida ilk bor iqtisodiy hamkorlikka yangi sifat bagʻishlash va savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni nazarda tutuvchi bayonnoma imzolandi.
Ikki mamlakat mutasaddilariga kompleks “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish topshirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikning muhim yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi. Farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya tarmogʻi va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan.
Pokiston kompaniyalari Oʻzbekistondagi dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Xalqaro brendlar uchun tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor.
Goʻsht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, shuningdek, urugʻchilik va seleksiya sohasida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Transport-logistika sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish savdo hajmini yanada oshirishning muhim shartidir.
“Pokiston – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yoʻnalishi boʻylab yuk tashish, Lahor va Islomobod shaharlariga esa aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi, Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi ilgari surilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlovchi reyslari yoʻlga qoʻyiladi.
Hududlar oʻrtasidagi aloqalarni amaliy jihatdan mustahkamlash maqsadida joriy yilda birinchi Hududlararo forumni oʻtkazish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston yetakchisi va Pokiston Bosh vaziri erishilgan kelishuvlar toʻgʻrisida alohida Bayonnomani imzoladilar. Unda amalga oshirish muddatlari hamda ikki mamlakatning buning uchun masʼul vazirlik va idoralari rahbarlari belgilab olindi.
Shuningdek, yetakchilar huzurida qator investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy kelishuvlarni almashish marosimi boʻldi.