Prezident vaʼda qilgan “Spark” avtomashinasi egasiga topshirildi

    Ijtimoiy hayot 3 Iyun 2021 1379

    Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Termiz shahridagi Al Hakim at-Termiziy nomli 1-viloyat yosh fizik-matematiklar maktab-internatining 10-sinf oʻquvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ruxshona Abdurazzaqovaga Prezidentimiz sovgʻasi – “Spark” yengil mashinasini topshirdi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Bogʻishamol mahallasida bunyod etilgan 9 qavatli uylarni borib koʻrdi va zamonaviy uyda istiqomat qilayotgan ikki oila – Nargiza Rahimova hamda Farrux Egamovning xonadonlarida boʻldi.

    Davlatimiz rahbari osmonoʻpar yangi uy egalariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, samimiy suhbatlashdi. N.Rahimovaning qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Ruxshona Abdurazzaqova oʻzining hayoti, taʼlim sohasidagi yutuqlari, adabiyot yoʻnalishidagi izlanishlari haqida gapirib berdi. Yaqinda yoshlar ittifoqi sardori etib saylanganini faxr bilan soʻzladi. Isteʼdodli yosh ijodkor davlatimiz rahbariga kitoblarini tuhfa etdi.

    R.Abdurazzaqova Termiz shahridagi Al Hakim at-Termiziy nomli 1-viloyat yosh fizik-matematiklar maktab-internatining 10-sinfida oʻqiydi. Prezidentimizning farmoni bilan oʻtgan yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Oʻtgan yillarda uchta sheʼriy kitobi nashr etilgan. “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichida ham faol ishtirok etgan.

    Prezidentimiz suhbat yakunida izlanuvchan, chuqur bilimga ega qizni tarbiyalab, kamolga yetkazayotgani uchun uning onasi Nargiza Rahimovaga minnatdorchilik bildirib, “Spark” yengil avtomashinasini sovgʻa qildi.

    Mazkur sovgʻani tantanali topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mahalla ahli, yoshlar va Ruxshona taʼlim-tarbiya olayotgan maktab-internat jamoasi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Bayramona oʻtgan tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator M.Xojimatov, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, senator O.Soatov, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, senator S.Sayidov va boshqalar soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlari, odamlarning bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.

    – Prezidentimizning kutilmaganda xonadonimizga kelib, biz bilan samimiy suhbat qilganidan hayajonlanib qoldim, – deydi Ruxshona. – Mening har bir gapimni eʼtibor bilan tinglab, “Spark” yengil avtomashinasi sovgʻa qilishini aytganlarida quloqlarimga ishongim kelmadi. Beixtiyor onamning ham mening ham koʻzimizga sevinch yoshlari keldi. Bu sovgʻa hayotimni yana-da oʻzgartirib, ulkan marralarni koʻzlashga undadi. Bu yuksak ishonchni albatta oqlayman.

    Manba: OʻzA.